Viner iste’foga chiqdi. Buning ortida Putinning “jazmani” turibdimi?
Olam
−
13 fevral 23642 3 daqiqa
Kecha, 12 fevral kuni Irina Viner Rossiya badiiy gimnastika terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimidan iste’foga chiqqanini e’lon qildi. U ushbu lavozimni 24 yil davomida egallab kelgan edi. Bu haqda BBC rus xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yil yanvar oyining oxirida BBC rus xizmati Viner va Olimpiya chempioni, gimnastika akademiyasi asoschisi Alina Kabayeva o‘rtasidagi mojaroni yoritgan. Kabayeva ba’zi manbalarda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning turmush o‘rtog‘i sifatida tilga olinadi.
Rossiya OAV Vinerning iste’foga chiqish haqidagi bayonotini e’lon qildi.
“Badiiy gimnastika mening hayotim va men ushbu ajoyib sport turini rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘sha olganimdan xursandman. Shunga qaramay, Rossiya badiiy gimnastika terma jamoasi bosh murabbiyligi lavozimidan iste’foga chiqish qaroriga keldim”, deya uning so‘zlarini keltiradi RIA Novosti.
Viner qarorining sabablarini ochiqlamagan, biroq hozir o‘z oldida yangi va muhim vazifa turganini bildirgan.
“Match TV”ga ko‘ra, Rossiya sport jamoalarini tayyorlash markazi (Rossiya Sport vazirligi tasarrufidagi tashkilot) uning iste’fosini qabul qilgan. Rossiya Sport vaziri Mixail Degtyaryov esa bu qaror Vinerning shaxsiy tanlovi bo‘lganini ta’kidlagan.
Vinerning sobiq shogirdi, Olimpiya chempioni Alina Kabayeva uning ketishini “nafaqat bir davrning yakuni, balki butun bir badiiy gimnastika davrining yo‘qolishi”, deb baholagan.
“Irina Viner nafaqat buyuk chempionlarni tarbiyaladi, balki butun dunyo uchun namuna bo‘lgan noyob maktab yaratdi”, deya uning so‘zlarini keltiradi “Interfaks”.
Hozircha Rossiya badiiy gimnastika terma jamoasining yangi bosh murabbiyi kim bo‘lishi noma’lum.
Irina Viner haqida
76 yoshli Irina Viner 2001 yildan beri Rossiya badiiy gimnastika terma jamoasini boshqarib kelgan. Uning shogirdlari orasida bir qancha Olimpiya chempionlari, jumladan Alina Kabayeva, Yuliya Barsukova, Irina Chashina, Margarita Mamun bor. 2015 yilda u sport sohasidagi xizmatlari uchun “Mehnat qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan, 2024 yil may oyida esa “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordenining sohibi bo‘lgan.
Viner 30 yil davomida milliarder Alisher Usmonov bilan birga yashagan va 2022 yilda ajrashgan. Shuningdek, u “Yedinaya Rossiya” partiyasi a’zosi bo‘lib, bir necha marta Vladimir Putinning saylovoldi ishonchli vakili sifatida ishlagan.
Kabayeva bilan mojaro
2025 yil yanvar oyida BBC rus xizmati Viner va uning sobiq shogirdi Alina Kabayeva o‘rtasidagi mojaro haqida xabar berdi.
Kabayeva uzoq yillar davomida ommadan yiroq bo‘lgan Rossiya elitasining eng yopiq vakillaridan biri hisoblanadi. Sportdagi faoliyatini yakunlagach, u Davlat dumasi deputati bo‘lgan, 2014 yildan esa “Milliy media guruhi” (Rossiyaning yirik telekanallari va boshqa OAVga egalik qiladi) direktorlar kengashiga rahbarlik qilib kelmoqda.
“The Wall Street Journal” va “Dose” markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Kabayeva Vladimir Putinning kenja farzandlari – ikki yoki uch o‘g‘lining onasi bo‘lishi mumkin. Biroq Putin bu munosabatni hech qachon tan olmagan, Kreml esa ularning umumiy farzandlari borligini rad etgan.
So‘nggi uch yil ichida Kabayeva “Nebesnaya gratsiya” badiiy gimnastika akademiyasini tashkil etgan. Ushbu akademiya Vladimir Putinning tashabbusi bilan yaratilgan “Sirius” klasteriga kiradi.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, “Nebesnaya gratsiya” akademiyasi maxsus maqomga ega bo‘lib, unga o‘z qoidalari asosida musobaqalar o‘tkazish, xalqaro turnirlarga gimnastlarni neytral maqomda yuborish kabi huquqlar berilgan. 2024 yil iyul oyida Qozonda bo‘lib o‘tgan BRICS o‘yinlarida Kabayeva akademiyasining sportchilari alohida jamoa sifatida ishtirok etgan. Bu ularning mustaqil davlat vakili maqomida chiqish qilganini anglatadi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr