Xalq ta’limi tizimida qariyb 70 mlrd so‘m o‘g‘irlangani aniqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston xalq ta’limi tizimida joriy yilning o‘tgan 11 oyida qariyb 70 mlrd so‘m o‘g‘irlangan, o‘zlashtirilgan va ortiqcha to‘lovlarga sarflngan. Bu haqda bugun, 2 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi faoliyati natijalari to‘g‘risida navbatdan tashqari Hay’at yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Mazkur Hay’at yig‘ilishida vazirlikning Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tomonidan amalga oshirilgan o‘rganish ishlari natijasida tizimdagi ta’lim muassasalarida ish haqidan o‘g‘irlik, o‘zlashtirish va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari muhokama qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, tizimda o‘tgan 11 oy davomida jami 69,8 mlrd. so‘m ish haqidan o‘g‘irlik, o‘zlashtirish va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari aniqlangan.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha:

•    84,3 mlrd. so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bo‘yicha boshqa noqonuniy xarajatlar;

•    38,7 mlrd. so‘m “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda amalga oshirilgan xaridlar;

•    24,1 mlrd. so‘m xatlov natijasida aniqlangan kamchiliklar;

•    3,9 mlrd. so‘m boshqa xato va kamchiliklar aniqlangan.

Shu davr mobaynida jami 220,8 mlrd. so‘m (shundan Hisob palatasi, Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 110,9 mlrd. so‘m yoki 50,1 foiz) miqdoridagi moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.

Misol uchun, Andijon viloyatining Andijon shahrida 20,4 mlrd. so‘m, Jizzax viloyati Zarbdor tumanida 7,8 mlrd.so‘m hamda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida 4,2 mlrd.so‘m naqd pul mablag‘lari hisoblangan ish haqiga nisbatan ortiqcha olinib, kassaga kirim qilinmagan va o‘zlashtirib yuborilgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyatining Andijon shahrida 7,9 mlrd. so‘m, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani 4,9 mlrd.so‘m, Samarqand viloyatining Payariq tumanida 3,2 mlrd. so‘m, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 2,9 mlrd. so‘m, Qamashi tumanida 1,8 mlrd. so‘m hamda Andijon viloyatining Marhamat tumanida 0,9 mlrd. so‘m mablag‘ ishlamaydigan xodimlarga hamda ortiqcha ish haqi hisoblash orqali o‘zlashtirilgan.

O‘rganish natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan 396 ta holat bo‘yicha 149 mlrd.so‘mlik hujjatlar to‘plami qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan. 

Shu bilan birga, amalga oshirilgan profilaktika ishlari natijasida 135 mlrd.so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olingan va bartaraf etilgan. 

Amalga oshirilgan tadbirlar natijasi bo‘yicha o‘tkazilgan Hay’at qarori bilan moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 100 nafardan ortiq mas’ul xodimlarga tegishli intizomiy choralar ko‘rilishi, o‘zlashtirilgan mablag‘larni undirilishi yuzasidan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

XTV

Baholaganlar

354

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing