Abituriyentlarning yarmidan ko‘pi o‘tish ballini yig‘olmaganiga XTV munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, joriy yilda oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun imtihon topshirgan abituriyentlarning yarmidan ortig‘i o‘tish balining eng quyi chegarasi – 56 ballni to‘play olmagani haqida xabar bergandik. Ushbu masala yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi munosabat bildirdi. 

“Albatta, davlatimiz ravnaqi va kelajagi, xalqimizning faravon turmush tarzini ta’minlashda bugungi yosh avlod kamolotining o‘rni va ahamiyati naqadar muhim ekanligini barchamiz yaxshi anglab turibmiz. Shu boisdan bu borada kuyunchaklik bilan bildirilayotgan turli fikr-mulohazalarning ham juda o‘rinli ekanligini ta’kidlab o‘tamiz.

Muhokama qilinayotgan ko‘rsatkichlar barcha test sinovlarida qatnashgan 1 milliondan ortiq abituriyentlarning natijalari ekanligiga ham e’tiborni qaratish lozim, deb hisoblaymiz”, deyiladi xabarda. 

Shu o‘rinda, XTV bir qator statistik raqamlarga e’tibor qaratgan. Xususan, 2022 yilgi test sinovlarida ishtirok etgan jami abituriyentlarning 386 523 nafar yoki 24 foizini joriy yilgi maktab bitiruvchilari tashkil etadi. 810 mingdan ortiq yoki 76 foiz abituriyentlar kasb-hunar maktablari, akademik litseylar bitiruvchilari va eng asosiy qismi oldingi yillar davomida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinmagan yoshlardan iborat.

2021 yilda bitiruvchilarning o‘rtacha balli (samaradorlik ko‘rsatkichi) 2020 yilga nisbatan 69,8 balldan 74,9 ballga, ya’ni,+5,1 ballga oshgan. Shuningdek, past natija ko‘rsatgan (56,7 balldan kam) bitiruvchilarning ulushi 2021 yilda 2020 yilga nisbatan qariyib -13 foiz yoki -35 232 nafarga kamaygan. Jumladan, 2020 yilda 56,7 balldan past natija ko‘rsatgan bitiruvchi-o‘quvchilar 138 780 nafar (yoki 46 foiz)ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 103 548 nafar (yoki 33 foiz)ni tashkil etgan.

“Albatta, hozirgi kundagi maktab bitiruvchilarining bilimi va ko‘nikmalari past ekanligini qayd etish kerak. Hozirgi kunda maktab ta’limida ta’lim mazmunini yangilash hamda pedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha boshlangan qadamlar, sekin-astalik bilan bitiruvchilarning darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylaymiz.

Shuni ham ta’kidlab o‘tishni istardikki, hozirgi vaqtda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Davlat test markazi bilan hamkorlikda bitiruvchilarning maktab yakuniy davlat imtihonlari natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasalariga kirishini tashkil etish, maktab bitiruv imtihonlarini unifikatsiyalashtirish borasida ishlar olib borilmoqda”, deyildadi vazirlik munosabatida. 

Ma’lumot uchun, 2022 yilgi maktab bitiruvchilarining test sinovlarida egallagan o‘rtacha ball ko‘rsatkichlari Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida joriy yilning oktyabr oyida to‘liq tahlil etiladi va jamoatchilikka yetkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

imtihon XTV

Baholaganlar

834

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing