XTV maktablarda Yangi yilni nishonlamaslik bo‘yicha bergan bayonotini rad etdi
Jamiyat
−
20 dekabr 2021
15916Avvalroq Xalq ta’limi vazirligi maktablarda bolalar xavfsizligi hamda turli pul yig‘imlarining oldini olish maqsadida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq ayrim cheklovlar joriy qilgani haqida xabar bergan edik.
Unda O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining yig‘ilish bayoni hamda Xalq ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan joriy yilda umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida ta’lim muassasalari hududida Yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish mumkin emasligi aytilgandi.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay XTV umumta’lim maktablarida yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar yo‘qligini aytib chiqdi.
Vazirlikning maktablarda Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq xabarnomaga bergan qo‘shimcha izohida XTV tomonidan umumta’lim maktablariga Yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish bilan bog‘liq cheklov yuzasidan tegishli xati noto‘g‘ri talqin qilinganini ta’kidlagan.
“Umumta’lim maktablari hududida yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar mavjud emasligini bildiramiz.
Shu bilan birga maktablarda pul yig‘imlari hamda ota-onalarning e’tirozlarini oldini olish maqsadida restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish shahobchalarida maktab o‘quvchilariga Yangi yil bayramini o‘tkazish tavsiya etilmaydi.
Respublika maxsus komissiyasining turli xil korporativ bayram va ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq taqiqlar vazirlik, idora va boshqa davlat tashkilotlariga tadbiq etilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi XTV izohida.
Ammo vazirlikning bu izohi dastlabki bayonotni butkul rad etmoqda. Negaki birinchi bayonotda vazirlik tomonidan umumta’lim maktablarida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq taqiqlanuvchi holatlar aniq ko‘rsatilgandi. Ular orasiga quyidagilar kiritilgandi:
• yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq har qanday tadbirlarni rejalashtirish va o‘tkazish;
• bayram bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazish maqsadida ota-onalardan turli hil noqonuniy pul yig‘imlarini amalga oshirish;
• maktab foyesi va sinf xonalarini sun’iy archa va elektr chiroqlar bilan bezatish (o‘quvchilar qo‘l mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bundan mustasno).
Istisno tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sinf rahbari hamda ota-onalar ishtirokida karantin qoidalariga rioya etgan holda, o‘z sinf xonalarida, dars mashg‘ulotlariga halaqit bermagan holda bayram tadbirlarini o‘tkazish hamda maktab hovlisida yangi yil archasini bezatishga ruxsat berilgandi.
LiveBarchasi