Xitoyda mushak do‘konidagi portlashda 12 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
14:35 618 1 daqiqa
Kecha, 18 fevral kuni Xitoyning Xubey provinsiyasida joylashgan Syangan shahrida mushak do‘konida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Bu “South China Morning Post” xabar berdi.
Hodisa oqibatida qurbon bo‘lganlar orasida kamida 12 kishi, jumladan, 5 nafar bola va 7 nafar yoshi katta inson bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar do‘kon egasi hamda bayram uchun mushak xarid qilgan mijozlar bo‘lgan.
Bu Xitoyda Oy taqvimi bo‘yicha Yangi yil bayrami vaqtida yuz bergan ikkinchi yirik portlash hisoblanadi. Avvalroq, Jiangsu provinsiyasidagi mushakbozlik do‘konida ham portlash sodir bo‘lib, 8 kishi halok bo‘lgan va 2 kishi jarohat olgan.
Ma’lumot uchun, Xitoyda mushakbozlik Yangi yilning an’anaviy qismi hisoblanadi. Odamlar uni farovonlik va omad tilab o‘tkazadi. Biroq, har yili mana shunday baxtsiz hodisalar ham kuzatiladi.
So‘nggi voqealardan keyin Xitoy Favqulodda vaziyatlar vazirligi xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha ogohlantirish bergan. Vazirlik hududiy hokimiyatlarga nazoratni kuchaytirish va shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish choralarini ko‘rishni buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoydan 200 mln yillik dinozavr izlari topilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi