Xalqaro masalalar, energetika. Putin va Si Szinpin nimalar haqida gaplashadi?
Olam
−
14 dekabr 2021
5173Avvalroq, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 15 dekabr kuni videoaloqa orqali suhbatlashishi haqida xabar bergandik.
Putin Si Szinpin bilan xalqaro masalalar, shuningdek energetika masalalarini muhokama qiladi. Bu haqda Rossiya yetakchisining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Avvalroq Kremlda xabar qilinganidek, davlat rahbarlari 2021 yilda Rossiya-Xitoyning har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ishlar yakunlarini sarhisob qiladi va kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tadi.
“Xalqaro masalalarda, ayniqsa Yevropa qit’asidagi vaziyat haqida so‘z boradi”, degan Peskov jurnalistlarga.
Uning qo‘shimcha qilishicha, an’anaviy tarzda mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashiladi. Liderlar Xitoyga gaz yetkazib berish va yangi shartnomalar mavzusiga to‘xtalib o‘tmaydimi, degan savolga Peskov “energetika muloqoti albatta kun tartibida bo‘ladi”, degan.
Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda asosiy o‘rinni ikki tomonlama munosabatlar, jumladan, yuqori texnologiyalar, qo‘shma sarmoya va savdo sohasidagi hamkorlik egallaydi.
Ma’lumot o‘rnida, yetakchilarning bundan oldingi uchrashuvi ham onlayn tarzda o‘tkazilgan. U joriy yilning 28 iyun kuni bo‘lib o‘tgan hamda Rossiya va Xitoy o‘rtasida imzolangan Yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning 20 yilligiga to‘g‘ri kelgan.