Xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘istonda qo‘lga olindi
Olam
−
19 Oktabr
13955Qozog‘istonning Chimkent viloyati Politsiya departamenti Migratsiya xizmati boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 8 yildan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi ushlandi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Qayd etilishicha, qidiruvda bo‘lgan 41 yoshli shaxs ichki ishlar xodimlari tomonidan Chimkent viloyatining Turon tumanidagi ijaraga olingan xonadonlardan birida qo‘lga olingan. Hozirda sud qarori bilan erkak respublika hududidan chiqarilgan, Qozog‘istonga besh yil muddatga kirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Bildirilishicha, 2024 yil 14-18 oktyabr kunlari “Noqonuniy migrant – 2024” tezkor profilaktika tadbiri davomida Chimkent shahrida Qozog‘iston Respublikasiga kelish, bo‘lish va ketish qoidalarini buzgan 556 nafar xorijlik va Qozog‘iston Respublikasi fuqarolari aniqlanib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
“Migratsiya qonunchiligini qo‘pol ravishda buzgan 61 nafar chet el fuqarosi Qozog‘iston Respublikasi hududidan chiqarib yuborildi. 44 nafar xorijlikning Qozog‘iston Respublikasida bo‘lish muddati qisqartirildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham O‘zbekistonda 2023 yilning noyabridan beri qidiruvda bo‘lgan fuqaro Qozog‘istonda qo‘lga olingan edi.
LiveBarchasi