Xalqaro indeksda “pozor” bo‘lgan O‘zbekiston, Jahon chempioni bo‘lgan Doston Yoqubov, kasbini o‘zgartirayotgan Mask... Bugun nimalar bo‘ldi?

Tahlil

image
Yakuniga yetayotgan 10 dekabrda  O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar yuz bergani bilan yodda qolmoqda. QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim, eng sara voqea-hodisalarining qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat 

Bozorlarda kartoshka va sabzi qimmatlashdi

O‘zbekistondagi markaziy dehqon bozorlarida kartoshka 3 000 – 7 500 so‘mdan, sabzi esa 1 000 – 5 500 so‘mdan sotilmoqda. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi hududlardagi markaziy dehqon bozorlarida o‘tkazgan kuzatuv natijalari bo‘yicha ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining minimal-maksimal narxlari e’lon qilingan.

O‘zbekiston bosh archasi qayerga o‘rnatilishi ma’lum bo‘ldi

Joriy yilda O‘zbekistonning eng baland sanalgan bosh Yangi yil archasi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘rnatildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bayram tantanalarini nishonlash uchun tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.

“Bayram tadbirlariga juda puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan mehmonlar va sayyohlar kayfiyatini ko‘tarish uchun har xil ko‘ngilochar dasturlar, savdo yarmarkalari tashkil etiladi.

Bog‘da, shuningdek, muz maydoni ham tashkil qilinadi. Unda xavfsizlik ta’minlanadi — kattalar ham, bolalar ham bemalol uchib, xursand bo‘lib ketishi mumkin”, deydi “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ma’muriyati vakili Ilmira Sagdiyeva.

Qonunchilik palatasi Prezident farmonini bajarmayapti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi belgilangandi.

Ammo parlament quyi palatasi mana ikkinchi marta Prezident farmoni ijrosini ta’minlayapti.

Gap shundaki, bugun, 10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Biroq majlis jonli efirga uzatilmayapti. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, deputatlar yig‘ilishi dastlab “Uzreport” telekanali orqali jonli efirga uzatildi, ammo ko‘p o‘tmay, butun balandparvoz gaplar aytib bo‘lingach, to‘xtatib qo‘yildi. Qariyb 49 daqiqa davom etgan jonli efirda deputatlar birorta masalani ko‘rmadi.

“Pozor”. Xalqaro mulk daxlsizligi indeksida O‘zbekiston oxirgi qatordan joy oldi

Amerikaning  “The World Justice Project” tashkiloti tomonidan e’lon qilinuvchi "Hukumat sud qarorisiz va adolatli tovon pulisiz mulkni musodara qilmaslik" reytingida O‘zbekiston 139 ta davlat ichida 138-o‘rinni egalladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ma’lum qildi. 

“The World Justice Project” xalqaro nohukumat tashkiloti 2021 yil hisobotini e’lon qilgan. Tashkilot tomonidan yuritiladigan "Huquq ustuvorligi" indeksining "Qonunlarga rioya qilish" indikatorining "Hukumat sud qarorisiz va adolatli tovon pulisiz mulkni musodara qilmasligi" subindikatorida O‘zbekiston maksimal 1 balldan 0,25 ball bilan 139 ta mamlakat ichida 138-o‘rinni egallagan.

Olam

Meksikada treyler ag‘darilishi oqibatida 50 ga yaqin odam halok bo‘ldi

Meksikaning Chiapas shtatida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida 49 kishi halok bo‘ldi, yana 58 kishi tan jarohati oldi. Bu haqda shtat mahalliy hokimyati xabar bermoqda.


Chiapas shtati fuqarolik muhofazasi agentligi rahbari Luis Manuel Garsiyaning ma’lum qilishicha, Lotin Amerikasidan 100 dan ortiq muhojirni olib ketayotgan treyler keskin burilishda ag‘darilib ketgan. Halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor.

Arxeologlar 1900 yil avval yashagan qulning qoldiqlarini o‘rganib, muhim kashfiyot qildi

Olimlar 2017 yilda Angliyaning Fenstanton (Kembrijshir) qishlog‘ida topilgan qul qoldiqlarini o‘rganib chiqib, dahshatli kashfiyot qilishdi. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar bermoqda.

Bir necha yil oldin arxeologlar Angliyaning Fenstanton (Kembrijshir) qishlog‘idan bo‘yi 170 sm, 25-35 yoshli, tovoniga temir mix qoqilgan odam skeletini topgandi. Aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, bu odam eramizning 130-337 yillari orasida Rim imperiyasi hukmronligi davrida (hozirgi Angliya hududida) yashagan.

Ilon Mask kasbini o‘zgartirmoqchi

Amerikalik milliarder Ilon Mask o‘z kasbini o‘zgartirib, blogerlik faoliyatini boshlash haqida bosh qotiryapti. Bu haqda milliarder bugun, 10 dekabr’ kuni o‘z Twitter sahifasida yozib qoldirgan.

Ijtimoiy media platformasining taniqli foydalanuvchisi bo‘lgan Ilon Mask kasbini tark etishga jiddiy yondashayotgani aniq emas.

“Men ishimni tashlab, inflyuyenser bloger bo‘lish haqida o‘ylayapman. Siz qanday fikrdasiz?”, deb yozadi u.

Rossiyada mehnat migrantlari qancha maosh oladi?

Rossiyada ishlovchi migrantlarning o‘rtacha maoshi 47 ming rublni tashkil etadi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiya agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Migrantlar federatsiyasi va Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti tomonidan mehnat migrantlari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi.

Ushbu so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, mehnat migrantlarining o‘rtacha oylik maoshi  47 100 rublni tashkil etadi.

AQSH xavfsizlik kuchlari 4 nafar o‘zbekistonlikni qo‘lga oldi

Amerika Qo‘shma Shtatlari chegarasini noqonuniy kesib o‘tayotgan 4 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olindi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, AQSHning Arizona shtatida to‘rt nafar o‘zbekistonlik Meksikadan noqonuniy ravishda chegarani kesib o‘tayotgan vaqtda Amerika xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olingan.

Xabarga ko‘ra, ular Turkiyadan Meksikaga va ushbu davlatdan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York hamda Filadelfiya shaharlariga borish maqsadida bo‘lgan.

Sport

“Futbol qiroli” kimyoterapiya tekshiruvidan o‘tdi

“Futbol qiroli” Edson Arantis du Nasimentu (Pele) muntazam tekshiruvlar chog‘ida aniqlangan o‘simtani kimyoterapiya bilan davolash uchun joriy hafta boshida Albert Eynshteyn shifoxonasiga yotqizilgan edi. Braziliya terma jamoasi safida uch karra Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan U o‘zining Instagram sahifasida salomatligi haqida ma’lumot berdi va oxirgi marta 2021 yilda kimyoterapiya kursini o‘tkazgani haqida yozib qoldirdi.

“Do‘stlar, 30 sentyabrdan boshlab, men kasalxonadan chiqqanimdan beri, davolanishim doirasida kichik kimyoterapiya seanslarini o‘tkazganimni bilasiz. Bugun Albert Eynshteyn kasalxonasida 2021 yildagi oxirgi kimyoterapiya seansimni o‘tkazyapman. Men ushbu muvaqqiyatni siz bilan baham ko‘rmoqchi edim. Axir, har bir kichik g‘alaba bayramga sabab bo‘ladi, shunday emasmi? Men fursatdan foydalanib, yana bir nechta imtihonlardan o‘tishimni, shuning uchun bu yerda bir necha kun qolishimni aytib o‘tmoqchiman. Havotirga tushmang, bayramga tayyorlanyapman”, deydi Pele Nasimentu.

Madrimov, G‘iyosov va Meliqo‘ziyev Toshkentga qaytib keldi

Bugun, 10 dekabr kuni o‘zbekistonlik professional bokschilar – Isroil Madrimov, Shaxram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziyev Toshkentga yetib keldi. Ular tayyorgarlikni AQSHda davom ettirayotgan edi.

Ushbu bokschilar joriy yilning 17 dekabr kuni “Matchroom Boxing” kompaniyasi tomonidanToshkentda o‘tkaziladigan professional boks oqshomida ringga ko‘tariladi.

Kechaning markaziy jangida Isroil Madrimov (7-0-0) fransiyalik Mishel Soroga (35-2-1) qarshi bahs olib boradi. Ayni paytda Mishel Soro WBA reytingida birinchi, Isroil Madrimov esa 2-pog‘onani egallab turibdi. G‘olib bokschi chempionlik jangi uchun majburiy da’vogarga aylanadi.

Toshent – 2021: Doston Yoqubov Jahon chempionligini qo‘lga kiritdi 

Bugun, 10 dekabr kuni Toshkentda davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionatining 4-kunida erkaklar o‘rtasida 67 kggacha bo‘lgan vaznli atletlar o‘rtasida final bellashuvi o‘tkazildi va unda o‘zbekistonlik Doston Yoqubovga teng keladigan raqib topilmadi. Kumush medalni Kolumbiya vakili Valensiya Moskera, bronzani esa Rossiya og‘ir atletika federatsiyasi sportchisi Zufat Garayev qo‘lga kiritdi.

Ushbu vazn toifasida O‘zbekiston nomidan Doston Yoqubov va Adhamjon Ergashev supachaga ko‘tarildi. Dast ko‘tarish bahslarida 144 kgni o‘ziga bo‘ysundirgan Doston Yoqubov milliy jamoa hisobiga mundialdagi ilk (kumush) medalni yozib qo‘ydi. Kichik oltin medal esa Rossiya og‘ir atletika federatsiyasi vakili Zufat Garayev, kichik bronza esa pokistonlik Tolib Talhaga nasib etdi.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

303

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing