Toshkent – 2021: Doston Yoqubov Jahon chempionligini qo‘lga kiritdi (foto)

Sport

image

Bugun, 10 dekabr kuni Toshkentda davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionatining 4-kunida erkaklar o‘rtasida 67 kggacha bo‘lgan vaznli atletlar o‘rtasida final bellashuvi o‘tkazildi va unda o‘zbekistonlik Doston Yoqubovga teng keladigan raqib topilmadi. Kumush medalni Kolumbiya vakili Valensiya Moskera, bronzani esa Rossiya og‘ir atletika federatsiyasi sportchisi Zufat Garayev qo‘lga kiritdi.

Ushbu vazn toifasida O‘zbekiston nomidan Doston Yoqubov va Adhamjon Ergashev supachaga ko‘tarildi. Dast ko‘tarish bahslarida 144 kgni o‘ziga bo‘ysundirgan Doston Yoqubov milliy jamoa hisobiga mundialdagi ilk (kumush) medalni yozib qo‘ydi. Kichik oltin medal esa Rossiya og‘ir atletika federatsiyasi vakili Zufat Garayev, kichik bronza esa pokistonlik Tolib Talhaga nasib etdi.

Adhamjon Ergashev esa ilk urinishda 134 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi, biroq ikkinchi va uchinchi urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lgani sababli, medallardan “quruq” qolgan bo‘lsa-da, siltab ko‘tarish bahslarida 177 kg natija evaziga bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ergashev ikki kurash yakuniga ko‘ra, 6-o‘rin bilan kifoyalandi.

Siltab ko‘tarish bahslarida kumush medal kolumbiyalik Valensiya Moskeraga (179 kg), oltin esa Doston Yoqubovga (180 kg) nasib qildi.

Shu tariqa umumiy hisobda 324 kg toshni bo‘ysundirgan Yoqubov Jahon chempioniga aylandi. 316 kg natija ko‘rsatgan Moskera kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Garayev (315 kg) 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Og'ir atletika Oltin medal' JCh Adhamjon Ergashev Doston Yoqubov

Baholaganlar

116

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing