Keyptaunda “BRICS do‘stlari” vazirlar yig‘ilishi ochildi
Olam
−
02 iyun 2023
4129Bugun, 2 iyun Janubiy Afrikaning Keyptaun shahrida “BRICS do‘stlari”ning Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi uchrashuvi ochildi. Yig‘ilishda BRICS’ga a’zo davlatlar va global janubning boshqa 12 davlatining Tashqi ishlar vazirlari ishtirok etmoqda. Bu haqda Janubiy Afrika Tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Naledi Pandor ma’lum qildi.
“Biz ushbu yig‘ilishga BRICS'ga a’zo bo‘lishdan manfaatdor bo‘lgan davlatlarning Tashqi ishlar vazirlarini taklif qildik. Biz hali ham ushbu mamlakatlarning institutsional rivojlanishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilmoqdamiz. BRICS va BRICS’ga kirishga intilayotgan mamlakatlarni munozaralardan chetda qoldirmaslik muhim deb hisoblaymiz”, degan Pandor.
Ta’kidlanishicha, joriy uchrashuv chog‘ida BRICS’ni kengaytirishning bir qancha formulalari ko‘rib chiqilmoqda. Ulardan birida BRICS Yangi Taraqqiyot Banki orqali iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat berilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bankka qabul qilingan mamlakatlar BRICS guruhining turli formatlarida guruhga rasman qo‘shilmagan holda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Yana bir konsepsiya mamlakatlarni BRICS’ga assotsiatsiyaning doimiy a’zolari sifatida qabul qilishni nazarda tutadi.
Aytish joizki, kecha, 1 iyun kuni BRICS Tashqi ishlar vazirlarining ishonchli vakillari guruhni kengaytirish konsepsiyasini ko‘rib chiqib, uni qayta ko‘rib chiqish uchun yuborishga qaror qilgan. Pandorning aytishicha, tegishli ishlar tezda yakunlanadi va konsepsiya avgust oyida Yoxannesburgda ochiladigan BRICS sammitiga tayyor bo‘ladi. 13 davlat BRICS’ga a’zo bo‘lish uchun rasmiy ariza topshirgan.
Janubiy Afrika Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Osiyo va BRICS bo‘yicha maxsus elchisi Anil Suklal esa BRICS’ga qo‘shilish uchun 30 ga yaqin davlat ariza berganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, so‘rovlar ham rasmiy, ham norasmiy bo‘lib, BRICS’ga yangi a’zolarni qabul qilish tartibi va mezonlariga aniqlik kiritish uchun mo‘ljallangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jazoir, Argentina, Afg‘oniston, Bangladesh, Bahrayn, Belarus, Venesuela, Misr, Zimbabve, Indoneziya, Eron, Qozog‘iston, Meksika, Nigeriya, Nikaragua, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Senegal, Suriya, Sudan, Tailand, Tunis, Turkiya va Urugvay BRICS’ga a’zo bo‘lishdan manfaatdor ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Saudiya Arabistoni BRICS'ning Yangi taraqqiyot bankiga to‘qqizinchi a’zo sifatida qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani aytilgandi. Braziliya Prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva esa Venesuelaning BRICS’ga qo‘shilishi tarafdori ekanini aytdi.