“Keraksiz bolalar” kimga kerak?

Sport

Oxirgi yillarda o‘zbek futbolida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani barchaga birdek ayon. Milliy terma jamoa Jahon chempionati uchun yurishini munosib tarzda davom ettirmoqda, Olimpiya jamoasi esa mamlakat tarixida ilk bor to‘rt yillikning eng yirik sport o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. O‘zbek futbolchilari xorijning bir qator klublarida munosib tarzda to‘p surib, charm to‘p muxlislarining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda futbol qamrovi kengayayotgani ham bor gap. So‘nggi yillarda faxriylar, mahallalar, talabalar va boshqa bir qator yosh hamda aholi vakillari o‘rtasida futbol turnirlari o‘tkazilayotganini ham aytish mumkin, biroq butun dunyoda ancha ommalashib ulgurgan media futbol O‘zbekistonda biroz e’tibordan chetga qolayotganga o‘xshaydi.

Bir necha yildirki, mamlakatda oddiy havaskor bolalardan iborat “Anvonted boys” (“Unwanted boys”) deb nomlangan media klub tashkil etilgan. Oxirgi paytlarda bu jamoa yigitlari turli xil qiziqarli futbol kontentlari tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlarda yetarlicha kuzatuvchini to‘plab qo‘ydi. Ular ishtirokidagi futbol o‘yinlarini ko‘rish uchun esa minglab yosh muxlislar stadionga boradigan bo‘ldi. Ammo QALAMPIR.UZ'ga ma’lum bo‘lishicha, jamoa har bir o‘yini oldidan tashkiliy masalalarda, ayniqsa huquq tartibot organlari bilan bog‘liq qator muammolarga duch keladi.

Hozirga qadar O‘zbekistondagi hech bir futbolga oid tashkilotlar ham “Anvonted boys” jamoasining o‘yinlari uchun yordam qo‘lini cho‘zmagan. 

Joriy yil 9 iyun kuni “Anvonted” yigitlari O‘zbekiston Superligasining “Lokomotiv” klubi bilan o‘yin o‘tkazishi kerak bo‘lgan. Biroq, klub yana tashkiliy masala va huquq tartibot organlari xodimlarining o‘yinga kelmasligi bilan bog‘liq muammoga duch kelgan va uchrashuv bekor qilingan.

QALAMPIR.UZ bugungi kunda yuqorida aytilgan muammolarga qaramay, media futbolni rivojlantirib, O‘zbekistonda millionlar o‘yinini yanada ommalashtirishga harakat qilayotgan “Anvonted boys” jamoasi asoschisi Islom Abdujabborovga mikrofon tutdi.

“Nega bizda hammaga bir xil munosabat bo‘lmaydi? Xavfsizlik xodimlari O‘zbekiston chempionati o‘yinlarida o‘z ishini bajaradi-ku, nega ular bizga qo‘pol muomalada bo‘ladi. Bizning hech kimga adovatimiz yo‘q, shunchaki O‘zbekistonda futbolni rivojlantirmoqchimiz”, deydi Abdujabborov.

Shuningdek, intervyu davomida Islom Abdujabborov “Anvonted boys”ning kelgusi rejalari, media futbol yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha o‘ylagan loyihalari haqida aytib o‘tdi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Anvonted” yigitlari bir necha kun ichida o‘zbekistonlik afsonaviy futbolchi Server Jeparov boshchiligida Rossiyaning Qozon shahriga yo‘l oladi va u yerda fijital-futbol bo‘yicha xalqaro turnirda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

futbol Olimpiya Islom Abdujabborov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing