Katta “tozalash” davom etmoqda. Toshkent viloyatida 34 kishi ushlandi
3-sahifa
−
07 dekabr 2023
13581Toshkent viloyatida ham Respublikaning boshqa viloyatlari singari “Dolzarb 40 kunlik” maxsus profilaktik tadbirlari doirasida jinoiy guruhlarga a’zo bo‘lgan, ijtimoiy muhitga salbiy ta’sir o‘tkazishga uringan bir necha shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIBB xabar berdi.
Bildirilishicha, maxsus xizmat va huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida Toshkent viloyatida 34 nafar jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olinib, ularning 11 nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 23 nafari ma’muriy tartibda qamoqqa olingan.
Tadbir davomida shu va boshqa shaxslarda noqonuniy ravishda saqlab kelingan 13 dona pnevmatik va ov qurollari, o‘q-dori va elektroshoker, turli hajm va ko‘rinishdagi pichoq, kastet va bitalar borligi aniqlangan.
Bundan tashqari, giyohvandlikka qarshi kurash yo‘nalishida 50 dan ortiq holatlar fosh etilib, 11 kg giyohvandlik moddalari va 8 ming 703 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olingan.
Shuningdek, tezkor qidiruv tadbirlarida jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashiringan 64 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlanib qonun ustuvorligi ta’minlangan. 2 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topilib oilasiga qaytarilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Samarqand viloyatida 47 nafar jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingandi.