“Saidaziz medgorodok” aybiga qisman iqror bo‘ldi

3-sahifa

Bugun, 14 iyun kuni “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev va boshqalarga oid jinoyat ishi yuzasidan ikkinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Shu vaqtga qadar Saidaziz Saidaliyev va unga aloqador 27 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” va 1 nafariga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgandi.

Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi doirasida 31 nafar jabrlanuvchi va 130 nafar guvoh jalb qilingan. 

Sudga Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi raisi Murodjon Mirzajonov raislik qilmoqda. 

Mazkur masala yuzasidan bo‘lib o‘tgan ikkinchi sud majlisida, davlat ayblovchisi sudlanuvchilarga qo‘yilgan ayblovlarni o‘qib eshittirdi. Unga ko‘ra, Saidaziz Saidaliyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining  quyidagi moddalari bilan ayblanmoqda: 

•  242-modda (Jinoiy uyushma tashkil etish) 1-qismi; 

•  243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish);

•  165-modda (Tovlamachilik) 3-qismi “a” va “v” bandlari; 

•  277-modda (Bezorilik) 2-qismi “b”, “v” bandlari; 

•  168-modda (Firibgarlik) 4-qismi “a” va “v” bandlari; 

•  211-modda (Pora berish) 3-qismi “a” va “b” bandlari;

•  277-modda (Bezorilik) 3-qismi “a” bandi bilan ayblanmoqda.

Davlat ayblovchisi Saidaziz Saidaliyevga oid ayblov xulosasini o‘qib eshittirganidan so‘ng, sudya sudlanuvchidan aybiga iqror yoki iqror emasligini so‘radi. Saidaliyev esa shunday javob berdi:

“Hurmatli sudya, [guvohlik berganlarni] jabrlanuvchi deymizmi, tuhmatchi deymizmi? To‘g‘ri qilgan jinoyatlarim bor, lekin ular aytgan darajada emas. Kelib, noto‘g‘ri gapirib chalg‘itayotgan joylari ham bor. Men aybimga qisman iqrorman”.

Shuningdek, sud majlisi davomida davlat ayblovchisi tomonidan boshqa sudlanuvchilarga qo‘yilgan ayblovlar ham o‘qib eshittirildi. Mazkur ish yuzasidan davlat ayblovchisi va sudlanuvchilar to‘liq eshitilib, sud tergovi boshlandi. 

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning noyabr oyida Toshkent shahar IIBB tomonidan Respublikadagi kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari o‘tkazilib, bir nechta jinoyatchilar qo‘lga olingani ma’lum qilindi. Ular orasida “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev, “Baxti Tashkentskiy” laqabli Baxtiyor Qudratullayev va “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyevlar bor edi. 

Shu kunlarda Baxtiyor Qudratullayev va uning jinoiy sheriklari ekani aytilayotgan 36 nafar sudlanuvchiga oid sud tergovi davom etmoqda.  

Salim Abduvaliyev esa 2024 yil 19 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 248-moddasi 2-bandida nazarda tutilgan jinoyatni (noqonuniy qurol-yarog‘ saqlash) sodir etganlikda  aybdor deb topilib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Saidaziz medgorodok Dolzarb 40 kunlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing