Xiyonat qilganlar. 2023 yilda qancha amaldor qamaldi?
Tahlil
−
01 fevral
97102023 yilda qancha mansabdor qanday turdagi jinoyatlarni sodir etib, jinoiy javobgarlikka tortilganini bilasizmi? Agar “kattakon”lar ko‘proq pora bilan qo‘lga tushgan deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz adashasiz. Bilasizmi, O‘zbekistonda amaldorlar eng ko‘p o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan o‘zganing mulkini talon-toroj qilganlik uchun aybli deb topilgan.
Yaqinda Bosh prokuratura mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2023 yilda 3575 nafar mansabdor shaxs 3412 ta jinoiy ish bo‘yicha javobgarlikka tortilgan. Qayd etish joiz, bu statistika 2022 yilga qaraganda, kamayish o‘rniga oshgan. Masalan, 2022 yilda ochilgan 2965 ta jinoiy ish bo‘yicha 3116 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Demak, 2022 yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 14,7 foizga yoki 459 taga oshgan. 2023 yilda umumiy hisobda amaldorlar davlat byudjetiga 1 trillion 12 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazgan. Shundan 847 milliard so‘m undirilgan.
Mavqei bo‘yicha respublika miqyosida 49 nafar amaldor jazolangan. Quvonarlisi, bu 2022 yilga nisbatan bir muncha kam. Misol uchun, 2022 yilda respublika bo‘yicha 110 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan. Viloyat miqyosida 2022 yilda 264 nafar xodimlar javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2023 yilda esa 267 nafar “kursi egasi” o‘z jazosini olgan. Tuman va shahar miqyosida esa bu statistika oshgan. Masalan, 2022 yilda 2742 nafar amaldor, 2023 yilda esa 3259 nafar amaldor javobgarlikka tortilgan.
E’lon qilingan statistikaga ko‘ra, 2023 yilda mansabdorlar tomonidan eng ko‘p o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan o‘zganing mulkini talon-toroj qilish jinoyati sodir etilgan. Jumladan, ushbu jinoyatni 2023 yilda 2103 nafar amal egasi sodir etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 2205 nafarni tashkil etgan. Ha aytgancha, 2023 yilda amaldorlar pora olish bo‘yicha 2022 yilgi rekordni yangilagan. 2022 yilda 169 nafar mansabdor pora olgan bo‘lsa, 2023 yilda amaldorlar bu raqamlarni 195 nafarga yetkazgan. Bosh prokuratura e’lon qilgan ma’lumotga ishonadigan bo‘lsak,2023 yilda mansab vakolatini suiiste’mol qilish va hokimiyat yoki mansab doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlarni sodir etilishi kamaygan. Mansab soxtakorligi va mansabga sovuqqonlik bilan qarash jinoyatlari esa ko‘paygan.
O‘z faoliyatini suiiste’mol qilish jinoyati oqibatida davlatga 1 milliard 546 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan bo‘lib, shundan 84,7 foizi yoki 1 trillion 310 milliard so‘mi undirilgan.
Qayd etish joiz, o‘tgan yilning noyabr oyidan buyon Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri doirasida bir nechta jinoyatchilar qo‘lga olindi. Shundan so‘ng respublika bo‘ylab kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida o‘tkazilayotgan tadbir doirasida navbat amaldorlarga keldi chog‘i, 18 dekabrdan buyon sobiq vazir, hokim, “zam” hokimu soliqchilar qamoqqa olinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Masalan, ulardan eng kattasi sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning qo‘lga olinishi bo‘ldi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi “O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj” va 205-moddasi “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish” kabi jinoyatlarni qilganlikda gumonlanib ushlangandi va u qamoqqa olindi. U DXX qamoqxonasida saqlanayotgani aniq bo‘ldi.
Voitov oxirgi 7 yilda qo‘lga olingan eng yirik amaldor hisoblanadi. Shu vaqtgacha shaxsan Prezident hokimlarni ishdan olgan edi. Vazir yoki uning “zam”lari dakki eshitish bilan cheklangan. Bu safar vaziyat jiddiy bo‘ldi chog‘i qamoqqa olishni sobiq qishloq xo‘jaligi vaziridan boshlashdi.
Ammo uni qo‘lga olinishini e’lon qilishdiyu shu bilan jimjit bo‘lib ketishdi. Hozir Voitovning taqdiri nima bo‘lgani hech kimga a’yon emas. Voitovning qo‘lga olinishidan hech qancha o‘tmasdan bir qancha soliq idoralari mansabdor shaxslari ham birin-ketin hibsga olina boshlandi. Masalan, Toshkentda Soliq qo‘mitasining Qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligi boshqarmasining QQS to‘lovchilarini maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i hamda qo‘mitaning Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish departamenti direktori o‘rinbosari qo‘lga olindi.
Bundan tashqari, Toshkent shahar Soliq boshqarmasi kameral soliq tekshiruvlar sho‘’basi boshlig‘i ham ushlangan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda mansab soxtakorligi moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ushbu shaxslar gumonlanuvchi tariqasida hibsxonaga joylashtirilgan.
Shuningdek, manbalarga tayanib Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi bosh mutaxassisi ham firibgarlik hamda pora berishda gumonlanib hibsga olinganini ma’lum qilgandik.
2023 yilda amaldorlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni sanasak, adog‘i yo‘qdek. Ammo ba’zi bir kursi egalari o‘tgan yilgi sodir etilgan jinoyatlar rekordini yangilashni o‘ylagan chog‘i, 2024 yil boshlanishi ham qo‘shtirnoq ichida barakali bo‘ldi. Masalan, yanvar oyining oxirida Farg‘ona viloyatida 43 ming AQSH dollari va 111,5 million so‘m miqdorida pora olgan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Bildirilishicha, Farg‘ona viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektining murojaati asosida O‘rmon xo‘jaligi agentligi huzuridagi “O‘rmonqurilish” va Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazida tekshirish o‘tkazilgan.
Tekshirishda ushbu tashkilotlarning mansabdor shaxslari o‘zaro jinoiy til biriktirib, tadbirkordan qurilish loyihalari bo‘yicha pudrat shartnomalarini rasmiylashtirish evaziga tamagirlik yo‘li bilan juda ko‘p miqdorni tashkil etuvchi 43 ming AQSH dollari va 111,5 mln. so‘m pul mablag‘larini pora tariqasida qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Shuningdek, Samarqandda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xodimi mavqeidan foydalangan holda odamlarga AQSH elchixonasidagi tanishlari orqali viza rasmiylashtirib, Qo‘shma Shtatlarga yuborish haqida yolg‘on va’dalar bergan. Shu yo‘l bilan fuqarolarni chuv tushirib kelgan. Jumladan, vazirlik xodimi Samarqand shahrida yashovchi fuqarodan viza olib berish evaziga 14 ming AQSH dollari talab qilgan. Ammo ushbu pullarning 10 ming dollarini oldindan olayotgan vaqtida ushlangan.
Jinoyat sodir etishda aslida o‘zlari adolatni ta’minlashi kerak bo‘lgan sudyalar ham qolishmagan. Masalan, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining sobiq sudyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiildi. Unga ko‘ra, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining sobiq sudyasi Jinoyat kodeksining 208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi) va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumondor sifatida jalb qilingan. Shuningdek, u Sudyalar oliy kengashi qaroriga asosan, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan ancha oldin lavozimidan ozod etilib, sudyalik vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.
30 yanvar kuni esa jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tuman sudining raisi 2 000 AQSH dollari miqdorida pora olayotganida qo‘lga tushdi. Sudya o‘zining ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan ayblangan sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlash evaziga, sudlanuvchining otasidan 2 000 AQSH dollari olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan. Unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi taqdimnomasi ko‘rib chiqilib, rozilik berilgan.
Bular bor yo‘g‘i hali yilning dastlabki oyida amaldorlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlardir. Umid qilamizki, bu yil mansabdorlarning jinoyatga qo‘l urishi kamayadi. Uzatilgan poralarni rad etishadi. Ularga ishonib topshirilgan mansabni suiiste’mol qilishmaydi, yana tag‘in ham bilmadik, bu yil nimalar bizni kutayotganini. Balki hech qachon kursisini bermaydigan amaldorlarni qo‘lga olinishiga guvoh bo‘larmiz. Mayli hozircha yaxshi niyat qilib turaylik. O‘zingizni ehtiyot qiling. Izohlarda faol bo‘lib QALAMPIR.UZ'ni kuzatishda davom eting.
LiveBarchasi