Aziz Voitov sudi jurnalistlar uchun ochiq bo‘ladimi?
3-sahifa
−
07 Sentabr
5604Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va 49 nafar boshqalarga oid jinoyat ishida jurnalistlarning ish qurollaridan foydalanishi faqat sudga raislik qiluvchining ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosida mazkur jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqilmoqda.
“Kuni kecha bo‘lib o‘tgan sud majlisida ayrim sudlanuvchilarning advokatlari tomonidan protsessda ommaviy axborot vositalari xodimlarining ishtiroki masalasi muhokama qilinib, sud ajrimi bilan advokatlar iltimosnomasi qisman qanoatlantirilgan. Mazkur ajrimga ko‘ra, ochiq sud majlisida OAV xodimlarining ishtiroki kuzatuvchi sifatida uzil-kesil ta’qiqlangani yo‘q. Biroq, ish qurollaridan foydalanishi (tasvirga va fotosuratga olishi, audio shaklida yozib olish) faqat raislik etuvchining ruxsati bilan amalga oshiriladi”.
“Qayd etilgan jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rilayotgani,unda ommaviy axborot vositalari xodimlarining jarayonni bevosita kuzatishi, o‘zlari uchun zarur qaydlar qilib borishi hamda turli bashorat va taxminlarga berilmagan holda axborotlar e’lon qilishi uchun hech qanday mone’lik yo‘q”, deyilgan xabarda.
Shuningdek, jinoyat ishi hajman katta ekani, protsess ishtirokchilari soni ko‘pligidan kelib chiqib, ommaviy axborot vositalari xodimlariga zarur sharoitlar yaratib berish borasida qo‘shimcha choralar ko‘rilayotgani ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, Aziz Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasining (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandi, 205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-modda (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 209-modda (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167, 168, 184, 185-2, 189, 205, 206, 28, 209, 211, 228 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. 29 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 15 nafariga “garov“ va 6 nafariga “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sudlanuvchilar va advokatlarning ommaviy axborot vositalari xodimlarining sud majlisiga kirishini taqiqlash bo‘yicha iltimosnomasi sabab jurnalistlar sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 nafar shaxsning sudini yoritolmasligi xabar qilingandi. 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan birinchi sud majlisida ham ko‘plab advokatlar sudda OAV ishtirokiga keskin e’tiroz bildirgandi. Ular hatto jurnalistlarni “xorij agenti”, “xabarlarni bo‘rttiruvchi” deya ta’riflagan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi esa sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri bilan bog‘liq sud ishi telekanallar va internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi lozimligini bildirdi.
LiveBarchasi