Bosh prokuratura Toshkent havosini ifloslantirayotgan korxonalarda tekshiruv boshladi
Jamiyat
−
24 Oktabr
3461Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishiga quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar kabi tabiiy omillar sabab bo‘layotganini inobatga olgan holda, joriy yilning 22 oktyabr kunidan boshlab respublika bo‘yicha rejaviy tekshirish tadbirlari o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Qayd etilishicha, poytaxt atmosfera havosini ifloslanishiga quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar kabi tabiiy omillar bilan bir qatorda iqlim o‘zgarishi, sanoat va avtotransport vositalaridan tashlamalar chiqarish hajmlarining oshib borishi, e’lon qilingan moratoriy davrida ham qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesilishi, shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan qurilish ishlarining jadal amalga oshirilishi bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu holatlar inobatga olinib, prokuratura organlari tomonidan atmosferaga chiqarilayotgan zararli tashlamalar miqdorini kamaytirish va atmosfera havosining holatini yaxshilashga asosiy e’tibor qaratilib, respublika bo‘yicha rejaviy tekshirish tadbirlari yo‘lga qo‘yilgan.
Tahlillarda I va II toifaga kiruvchi, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan sanoat korxonalarida 2024 yilda belgilangan zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish ishlari paysalga solinayotgani, shu jumladan Toshkent viloyatida 27 ta korxonadan 19 tasida, Toshkent shahrida esa 31 ta korxonadan 8 tasidagina bu ishlar amalga oshirilganligi ma’lum bo‘lgan.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi tekshiruvlar Ekologiya, Sog‘liqni saqlash, Transport, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda bevosita Bosh prokuratura tomonidan boshlangan.
Bildirilishicha, Bosh prokuratura aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini alohida nazoratga oladi hamda ular bo‘yicha keskin va murosasiz choralar ko‘rib borilishini ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston poytaxti Toshkentda havo tarkibidagi PM2.5 zarrachalari miqdori JSST tasdiqlagan me’yordan qariyb 11 barobarga oshib ketgandi. Toshkent dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 6-o‘ringa chiqqandi.