“Saidaziz medgorodok”ning ishi sudda ko‘riladi
3-sahifa
−
06 iyun
7412Bundan 6 oy avval “Dolzarb 40 kunlik” tezkor tadbirlari davomida tovlamachilikda ayblanib, qamoqqa olingan, jinoyat olamida “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyevga ochilgan jinoyat ishi hujjatlari sudga yuborildi.
Dastlab, Toshkent shahar IIBB Saidaliyevni sport bilan shug‘ullangan, jismonan baquvvat shaxslarni o‘z atrofiga jalb qilib, bir nechta jinoyatlarni sodir etgani, xususan, odamlarning qarzdorlik va boshqa muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda, tahdidlar va tamagirlik orqali hal qilgani uchun unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) bilan ish qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumot bergandi.
Oradan yarim yil o‘tib, u boshqa moddalar bilan ham ayblanayotgani ma’lum bo‘ldi. Qo‘lga olinganda bitta modda bilan ayblangan Saidaliyev bugunga kelib Jinoyat kodeksining 6 ta moddasida qayd etilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Saidaliyevning sudga taqdim etilgan hujjatlarida u Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” va “v” bandlari, 168-modda (Firibgarlik) 4-qismi “a” va “v” bandlari, 211-modda (Pora berish) 3-qismi “a” va “b” bandlari, 242-modda (Jinoiy uyushma tashkil etish) 1-qismi, 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 277-modda (Bezorilik) 2-qismi “b” va “v” bandlari, 277-modda (Bezorilik) 3-qismi “a” bandidagi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Sudga yuborilgan hujjatlarga ko‘ra, Saidaziz Saidaliyev yolg‘iz emas, balki u bilan birga jinoyat sodir etganlar soni jami 28 nafar ekani aytilmoqda. Sudlanuvchilardan jabr ko‘rganlar esa 30 dan ortiq. Mazkur ish 11 iyun kuni soat 10:00 da Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida ko‘rilishi belgilangan.
Respublikadagi kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik" tadbirlar davomida qo‘lga olinganlarga ochilgan jinoyat ishlari birin-ketin sudga yuborilmoqda. Xususan, bir necha kun oldin “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevga oid ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida ko‘rib chiqila boshlandi.
Qudratullayev bilan jinoyat sodir etganligi aytilayotgan 36 nafar sudlanuvchi orasida uning ikki o‘g‘li va akasi ham bor. Dastlabki sud majlislarida sudlanuvchilarning shaxsi aniqlandi, hozirgi vaqtda sud tergovi davom etmoqda.
LiveBarchasi