“Yopiq sud sindromi”. Gulnora Karimovaning ishi nega ochiq sudda ko‘rilishi kerak?
Tahlil
−
07 yanvar 2020
19989Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Birinchi Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – sobiq Fond Forum vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimovaga tegishli yana bir jinoiy ish tergovi yakunlanib, ish sudga oshirilgani xabar qilindi. Xo‘sh, sud Gulnoraning ishini yopiq tarzda ko‘radimi?
Yopiq sud o‘zi nima?
O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasida shunday deyilgan:
“Hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi”.
Jinoyat-protsessual kodeksi 19-moddasiga binoan, “Barcha sudlarda jinoyat ishlari oshkora ko‘riladi, bundan davlat sirlarini qo‘riqlash manfaatlariga zid keladigan hollar, shuningdek jinsiy jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilayotgan hollar mustasno”, deyilgan. Ya’ni ikki holatda ishlar yopiq sud uchun asos bo‘lishi mumkin. Jinsiy erkinlik bo‘yicha ishlar tushunarli. Davlat sirlari masalasi-chi?
Davlat sirlari nima?
Davlat sirlari degan tushunchaga “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonunda to‘xtalib o‘tilgan. Qonunning 3-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari – davlat, harbiy va xizmat sirlarini qamrab oladi.
Oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy ta’sir etishi yoki O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar davlat sirini tashkil etadi”, deyilgan.
Yopiq sudlar sindromi
So‘nggi vaqtlarda "kattakon" amaldorlarning sud ishlari, ularga qo‘yilgan ayblovlar jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Biroq ularning barchasi ochiq sudni ko‘rish "baxtiga muyassar bo‘la olmadi".
Rashid Qodirov ishi – sobiqlardanda sobiq Bosh prokuror sud hukmi bilan 10 yil muddatga "kesildi". Sud “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazildi.
Ixtiyor Abdullayev – sobiq DXX raisi harbiy sud tomonidan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bu ikki mulozimning egallab turgan lavozimini hisobga olinsa, davlat siri deya urg‘ulanib, yopiq sudda ko‘rilishi unchalik ham mantiqqa zid emas. Biri sobiq Bosh prokuror va Konstitutsiyaviy sud sud’yasi, ikkinchisi sobiq Bosh prokuror va DXX raisi. Lekin, Gulnora Karimova holatida-chi?
"Guguush"ning ishi
Gulnora Karimova ishida masala boshqacharoq. Kuni kecha unga nisbatan qo‘zg‘atilgan va sudga oshirilgan ish bo‘yicha ma’lumotda shunday deyiladi:
“Bosh prokuratura tomonidan jinoiy uyushma tarkibida tovlamachilik, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish va chet el davlatlarda jinoiy daromadlarini legallashtirish kabi jinoyatlarni sodir etgan Gulnora Karimova va boshqalarga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari yakunlandi”.
Ushbu holatdan so‘ng ham, yopiq sud tarzida "oyni etak bilan yopiladimi?" Byudjet deb atalmish xalqning soliqlaridan shakllanadigan g‘aznani talon-taroj qilinishi bo‘yicha bo‘lg‘usi bu mashvarat nega xalqning “ko‘zidan pana qilinishi” kerak?
Gulnora Karimovaning ayni vaqtda oldingi jinoiy ishi bo‘yicha 1 mlrd 394,1 mln AQSH dollari, 63,5 mln yevro, 27,1 mln funt va 18,5 mln frank miqdordagi legallashtirilgan mablag‘lari aniqlangan.
Bular:
Shveysariyada – 777,8 mln AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari va Koloni shahrida narxi 18,5 mln frank bo‘lgan ko‘chmas mulk (villa);
Shvetsiyada – 30 mln AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari;
Buyuk Britaniyada – 4,2 mln funt miqdorida pul mablag‘lari, London shahrida umumiy narxi 22,9 mln funtlik uy-joylar, kvartiralar va villalar;
Fransiyaning Parij shahrida – kvartiralar va “Shato de Grussi” qasri, Santrope shahrida – villa (umumiy narxi 52,5 mln yevro);
Latviyada – 16,5 mln AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlar, Riga shahrida park hududidagi umumiy narxi 9 mln yevro bo‘lgan ko‘ngilochar markaz;
Irlandiyada – 300 mln AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlar;
Malta orolida – narxi 48,8 mln AQSH dollari bo‘lgan samolyot;
Germaniyada – 2 mln yevro miqdoridagi pul mablag‘lari;
Ispaniyada – 82 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘lari;
Rossiyada – 6 mln AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘lari, umumiy narxi 2 mln AQSH dollari bo‘lgan Moskva shahri “Kamelot” turar joy kompleksidagi “pentxaus”, “Rublevka” massividagi hashamatli turar joy va 8 ta kvartira, Yalta shahridagi mehmonxona kompleksi, turar joy va yer uchastkasi;
Gonkongda – 67 mln AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘lari, “The Arch” osmono‘par binosida narxi 15 mln AQSH dollari bo‘lgan “pentxaus”;
Birlashgan Arab Amirligida – 32 mln AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘lari, 31,5 mln AQSH dollari miqdoridagi oltin va oltin sertifikatlari, Dubay shahrida umumiy narxi 67,4 mln AQSH dollari bo‘lgan “pentxaus”, 2 ta villa va 2 ta mehmonxona komplekslari aniqlangan.
Bu safargi mablag‘ esa 165 mln AQSH dollari va 85 mlrd so‘mdan ko‘proq deb aytilmoqda.
Xorijiy hamjamiyat e’tibori
Bu masala nafaqat O‘zbekiston, balki xorijiy hamjamiyatning ham doim diqqat markazida turadi. “Korrupsiya malikasi”ning xorijga chiqqan mablag‘lari ustida bir yoki ikki davlat emas, bir necha mamlakat hukumatlari bosh qotirmoqda. Bosh prokuratura tomonidan qayd etilishicha, Adliya vazirligi bilan hamkorlikda AQSH, Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va Latviya kabi xorijiy davlatlar bilan Gulnora Karimovaning jinoiy yo‘llar orqali topgan va ushbu davlatlarning ayrimlarida jinoyat ishlari doirasida 1,3 mlrd AQSH dollardan ortiq daromadlarini qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu degani masalaning mohiyati ushbu davlatlarga ham qiziqdir.
Gulnora Karimovaga nisbatan jinoyat ishi garchi otasi hayotlik chog‘ida, 2013 yildayoq ochilgan bo‘lsa ham, 2017 yilgacha sir saqlab kelingan edi. Gulnora Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari (165, 167, 168, 178, 179, 182, 184, 189, 227, 228, va 243-moddalar) bilan ayblov e’lon qilingan. Bu ish birinchi navbatda bilishi lozim bo‘lgan – xalqdan yashirilgan.
Joriy yil 9 iyul kuni Gulnora Karimovaning Fransiyadagi mulklarini musodara qilish bo‘yicha qaror kuchga kirgan. Fransiya hukumatining Karimova mulklarini musodara qilishi Shveysariyada olib borilayotgan jinoyat ishi natijasida qabul qilingan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan 2017 yil dekabr kuni imzolangan hujjatga ko‘ra, Gulnora Karimova AQSHning “qora ro‘yxat”iga kiritilgan va sanksiya olgan. Bu “Magnitskiy akti” doirasida amalga oshirilgan edi.
Endi shu o‘rinda savol tug‘iladi: byudjet mablag‘larini, ya’ni xalq pullarini talon-taroj qilgan va xalqaro hamjamiyat e’tiborida turgan shaxsning ishi yopiq sudda ko‘rilishi qanchalik to‘g‘ri? Yana bu shaxs davlat amaldori bo‘lmasa, u qanday davlat sirlarini bilishi mumkin?
QALAMPIR.UZ voqealar rivojini kuzatib boradi.
LiveBarchasi