Kaspiydagi fojia: Qozog‘iston Mudofaa vaziri lavozimidan olindi

Olam

−

image

Qozog‘iston Mudofaa vaziri Dauren Kosanov Kaspiy dengizida harbiy mashg‘ulotlar vaqtida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan fojiadan so‘ng lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Administratsiyasining Telegram-kanali xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 27 sentyabr kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning farmoni bilan Dauren Jumatayevich Kosanov Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilgan.

Ma’lumot uchun, Dauren Kosanov 2025 yilning 8 iyun kuni Qozog‘iston Mudofaa vaziri etib tayinlangandi. Ushbu lavozimda u Ruslan Jaqsiliqovning o‘rnini egallagan.

Mang‘istaudagi fojia

Joriy yilning 24 sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida Qozog‘iston Qurolli kuchlari Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘quv-jangovar topshiriqni bajarish vaqtida Kaspiy dengizi sohilida meteorologik sharoitning keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi sababli harbiy xizmatchilar dengizga oqib ketgan.

Mudofaa vazirligi dastlabki ma’lumotlarida dengizga 19 nafar harbiy xizmatchi oqib ketganini bildirgan edi. O‘sha paytda 9 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lgani qayd etilgan. Keyinroq, Mang‘istau viloyati hokimligi dengizga oqib ketganlar soni 17 nafar ekanini ma’lum qildi.

Harbiy xizmatchilar halok bo‘lganidan so‘ng hukumat komissiyasi tuzilgan, hodisa joyiga Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev yuborilgan. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev harbiy xizmatchilarning halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan va fojiani tergov qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Bundan tashqari hodisa ortidan mamlakat Mudofaa vazirligining 5 nafar mansabdor shaxsi qo‘lga olingan.

Oqtovda Shahar kuni munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bayram tadbirlari bekor qilingan. Qosim-Jomart To‘qayev 25 sentyabr kunini Qozog‘istonda umummilliy motam kuni deb e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev fojia munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qozog‘iston xalqiga hamdardlik yo‘lladi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan harbiylar ro‘yxatida 2006 yilda Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan Olmos Yusuf o‘g‘li Kobenov ham bor.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing