Kaspiydagi fojia: barcha jasadlar topildi
Olam
−
14:05 2204 2 daqiqa
Qozog‘istonning Kaspiy dengizida bedarak yo‘qolgan yana ikki harbiy xizmatchining jasadi topilib, halok bo‘lganlar soni 14 kishiga yetdi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 25 sentyabr kuni soat 09:15 lar atrofida olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida avval bedarak yo‘qolgan ikki harbiy xizmatchi – serjant Mansur Gumarov va dengizchi Miras Turdibek o‘g‘lining jasadi topilgan.
Fojia o‘quv-jangovar vazifani bajarish vaqtida ob-havoning kutilmaganda keskin yomonlashishi oqibatida yuz bergan. 17 nafar harbiy xizmatchi ochiq dengizga oqib ketgan. Ulardan uch nafari qutqarilgan, 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.
“Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Qurolli kuchlari rahbariyati hamda shaxsiy tarkibi halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning qarindoshlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalariga zarur, jumladan, moddiy va psixologik yordam ko‘rsatilishi ma’lum qilingan.
Mang‘istaudagi fojia
Kecha, 24 sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida Qozog‘iston Qurolli kuchlari Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘quv-jangovar topshiriqni bajarish vaqtida Kaspiy dengizi sohilida meteorologik sharoitning keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi sababli harbiy xizmatchilar dengizga oqib ketgan.
Mudofaa vazirligi dastlabki ma’lumotlarida dengizga 19 nafar harbiy xizmatchi oqib ketganini bildirgan edi. O‘sha paytda 9 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lgani qayd etilgan. Keyinroq, Mang‘istau viloyati hokimligi dengizga oqib ketganlar soni 17 nafar ekanini ma’lum qildi.
Harbiy xizmatchilar halok bo‘lganidan so‘ng hukumat komissiyasi tuzilgan, hodisa joyiga Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev yuborilgan. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev harbiy xizmatchilarning halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan va fojiani tergov qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
Oqtovda Shahar kuni munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bayram tadbirlari bekor qilingan. Qosim-Jomart To‘qayev 25 sentyabr kunini Qozog‘istonda umummilliy motam kuni deb e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev fojia munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qozog‘iston xalqiga hamdardlik yo‘lladi.