Kaspiy dengizida yangi orol paydo bo‘ldi

Olam

image

Kaspiy dengizida yangi orol paydo bo‘ldi. Bu haqda “Caspian Holiday” kompaniyasi asoschisi Yerbolat Muxashov “Lada.kz” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Yaqinda paydo bo‘lgan orollardan biri – Ribachiy Svyatoy orolidan sharqda joylashgan. Yangi orol Svyatoy orolidan taxminan 500 metr sharqda va (Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati Tupqarag‘an tumanidagi) Bautino qishlog‘idan taxminan 30 km uzoqlikda joylashgan”, deydi Muxashov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dengizning shimoliy qismida, xususan Kaspiy tyulenlari yashaydigan orollar (Kulali, Morskoy, Svyatoy, Podgorniy, Usharal, Mayakshikkan, Dolgiy) hududida so‘nggi yillarda yangi orollar paydo bo‘la boshlagan. U buni Kaspiy dengizi suv sathining pasayishi bilan bog‘laydi.

Muxashovning aytishicha, orollarda bo‘rilar yashaydi, shuningdek, to‘ng‘izlar va bo‘rsiqlar uchraydi. Turli xil baliq va qush turlari ham mavjud.

O‘tgan yilning yozida ham Rossiya Fanlar akademiyasi Okeanologiya instituti Kaspiy dengizining chekinishi sababli Maliy Jemchujniy orolidan 30 km janubi-g‘arbda yangi orol paydo bo‘lgani haqida xabar bergan. 

2025 yilning boshida NASA sun’iy yo‘ldoshlari Kaspiy dengizida keyinchalik yo‘q bo‘lib ketgan “shapalaq” orolni aniqlagan. U 2023 yil boshida loy vulqoni otilishidan so‘ng Ozarbayjon qirg‘oqlari yaqinida suv ostidan chiqqan, ammo 2024 yil oxiriga kelib suv yuvib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kaspiy dengizida suv sathi yiliga 10–20 santimetrga pasayib, so‘nggi 200 yildagi eng past darajaga tushgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing