14 harbiyning o‘limi bo‘yicha 5 nafar mulozim hibsga olindi
Olam
−
19:37 2175 2 daqiqa
Qozog‘istonda mashg‘ulotlar chog‘ida 14 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lishi ortidan Mudofaa vazirligining besh nafar mansabdor shaxsi qo‘lga olindi. Bu haqda bugun, 25 sentyabr kuni mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
“Xizmatga sovuqqonlik bilan qarash va kemani boshqarish qoidalarini buzish, og‘ir oqibatlarga olib kelish bilan bog‘liq jinoiy huquqbuzarliklarni sodir etganlikda gumonlanib, Qozog‘iston Respublikasi Qurolli kuchlarining oliy va katta qo‘mondonlik tarkibidagi mas’ul mansabdor shaxslari qo‘lga olindi”, deyiladi vazirlikning Telegram-kanalidagi xabarida.
Qo‘lga olinganlar orasida Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, ikki nafar harbiy qism komandiri, dengiz piyodalari rotasi va kater komandirlari bor. Ularning barchasi gumonlanuvchi deb topilib, Oqtau shahar politsiya boshqarmasining vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Mang‘istaudagi fojia
Kecha, 24 sentyabr kuni Mang‘istau viloyatida Qozog‘iston Qurolli kuchlari Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘quv-jangovar topshiriqni bajarish vaqtida Kaspiy dengizi sohilida meteorologik sharoitning keskin yomonlashishi va shamolning kuchayishi sababli harbiy xizmatchilar dengizga oqib ketgan.
Mudofaa vazirligi dastlabki ma’lumotlarida dengizga 19 nafar harbiy xizmatchi oqib ketganini bildirgan edi. O‘sha paytda 9 nafar harbiy xizmatchining halok bo‘lgani qayd etilgan. Keyinroq, Mang‘istau viloyati hokimligi dengizga oqib ketganlar soni 17 nafar ekanini ma’lum qildi.
Harbiy xizmatchilar halok bo‘lganidan so‘ng hukumat komissiyasi tuzilgan, hodisa joyiga Bosh vazir o‘rinbosari Qanat Bozumbayev yuborilgan. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev harbiy xizmatchilarning halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan va fojiani tergov qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
Oqtovda Shahar kuni munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan bayram tadbirlari bekor qilingan. Qosim-Jomart To‘qayev 25 sentyabr kunini Qozog‘istonda umummilliy motam kuni deb e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev fojia munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qozog‘iston xalqiga hamdardlik yo‘lladi.
Live
Barchasi