Kaspiy dengizi sohilida 300 ga yaqin o‘lik tyulen topildi
Olam
−
30 Oktabr
7476Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati Tupqarag‘an tumanidagi Kaspiy dengizi sohilida 289 ta o‘lik tyulen topildi. Bu haqda “Vlast.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ilk bor o‘lik tyulenlar haqida qozog‘istonlik bloger va faol Azamat Sarsenbayev o‘z Instagram sahifasida ma’lum qilgan.
“So‘nggi bo‘ronlardan keyin sohilga Qizil kitobga kiritilgan yuzlab jonsiz tyulenlar chiqib qolgan. Hozirda olimlar ularning 151 tasini hisoblab chiqdi” dedi Azamat Sarsenbayev.
Nashrga jo‘ra, joriy yil 24 oktyabrdan 29 oktyabrgacha Kaspiy sohiliga chiqqan o‘lik tyulenlar soni 289 taga yetgan. Jayiq-Kaspiy mintaqalararo havza baliqchilik inspeksiyasi xodimlari va Gidrobiologiya va ekologiya instituti vakillari Kaspiy sohilini monitoring qilishga kirishgan.
Gidrobiologiya va ekologiya instituti ilmiy xodimi Jazira Sidiqovaga ko‘ra, joriy yilning sentyabr oyi oxiridan beri Tupqarag‘an yarim orolining g‘arbiy sohilida Kaspiy tyulenlarining o‘limiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash maqsadida monitoring amalga oshirilmoqda. Tadqiqot ishtirokchilari har kuni sohilni (Bautino va Fort-Shevchenko orasidagi va janubdagi hududlarni) tekshirib, dengiz akvatoriyasini kuzatmoqda.
Qayd etilishicha, o‘lik hayvonlardan ularning yoshi va o‘lim sabablarini aniqlash uchun biologik namunalar olingan.
“O‘lim sabablarini faqat tegishli laboratoriya tadqiqotlari o‘tkazilgandan keyin aytib bera olamiz”, dedi Jazira Sidiqova.
Hozirda mahalliy ijro hokimiyati va “Qazaq balyk” baliqchilik va suv xo‘jaligi uyushmasi filiali vakillari ham voqea joyida o‘rganish olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mutaxassislar Qozog‘iston, Eron, Ozarbayjon, Rossiya va Turkmaniston yerlari bilan tutash Kaspiy dengizida tadqiqot olib borib, uning shiddat bilan qurib borayotganini aniqlagan edi.
LiveBarchasi