Kashmirdagi namoyishlarda kamida 20 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
19 iyun 2257 2 daqiqa
Pokiston nazoratidagi Kashmirda ikki haftaga yaqin davom etgan namoyishlar oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.
Qayd etilishicha, noroziliklar yaqinda taqiqlangan Qo‘shma Avomiy Harakat Qo‘mitasi (JAAC) tarafdorlari bilan mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ortidan kuchaygan. Namoyishlar 27 iyulga belgilangan mahalliy parlament saylovlari oldidan boshlangan. Ma’lum qilinishicha, JAAC saylovdagi 45 o‘rindan 12 tasini Hindiston nazoratidagi Kashmirdan kelib, hozir Pokistonda yashayotgan qochqinlar uchun ajratish qaroriga qarshi chiqqan.
Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, 6 iyundan 14 iyungacha bo‘lgan to‘qnashuvlarda kamida 20 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohat olgan. Mintaqaviy politsiya rahbari Liaqat Ali Malikning aytishicha, namoyishlar davomida 4 nafar politsiya xodimi halok bo‘lgan, 97 nafari jarohatlangan. Shuningdek, 515 kishi qo‘lga olingan.
Hozirda minglab JAAC tarafdorlari mintaqaning poytaxti Muzaffaroboddan 100 kilometr janubda joylashgan Ravalakot shahri atrofida to‘plangan. Hukumat vaziyatga javoban asosiy yo‘llarni yopgan, internetni o‘chirgan va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga cheklovlar joriy etgan. Muzaffarobodning yuqori Adda tijorat hududida odatda gavjum bo‘ladigan bozorlar va do‘konlar hozir deyarli bo‘sh qolgan. Ayrim dorixonalar va oziq-ovqat do‘konlarigina qisqa vaqtga ishlamoqda.
27 yoshli mardikor ishchi Ixloq Ahmadning aytishicha, 9 iyundan buyon bir so‘m ham ishlab topolmagan. Internet va sputnik aloqasi to‘xtatilgani sabab bank xizmatlari va bankomatlar ham ishlamayapti. Rasmiy ko‘rsatmaga binoan yoqilg‘i quyish shoxobchalari ham yopilgan.
Mototsikl haydovchisi Osif Noz esa vaziyatni og‘ir deb baholagan.
“Mablag‘i borlar buni qandaydir yengib o‘tar. Biroq biz kabi kunbay ishlaydiganlar uchun bu o‘zini o‘zi halokatga mahkum qilish bilan barobar”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston nazoratidagi Kashmirda 9 iyun kuniga belgilangan namoyishlar arafasidayoq yuz bergan to‘qnashuvlar oqibatida 11 kishi halok bo‘lgani, 70 nafardan ortiq kishi jarohat olgani xabar qilingan edi.
Live
Barchasi