Karimovaning pullari O‘zbekistonga qaytishiga oilasining daxli bormi?

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning advokati advokati, Jenevadagi Mangeat Attorneys at Law advokatlik idorasi egasi va rahbari Greguar Manja Shveysariya O‘zbekistonga 555 mln dollarni qaytarishni to‘xtatganini ma’lum qilgandi. U Karimovaning hibsda ushlab turilishiga bosim sifatida baho berib, yana uning salomatligi xavf ostida ekanini iddao qilgan.

Mazkur murojaatdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi joriy yilning 3-4 iyul kunlari Gulnora Karimova saqlanayotgan Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida o‘rganish o‘tkazdi. O‘rganish natijalarini e’lon qilgan vazirlik, Gulnoraning pullari O‘zbekistonga qaytarilishida na uning salomatligi, na hibsda saqlanayotgani va na oila a’zolarining ishtiroki borligi, barcha masalalar Hukumat darajasida hal etilayotganini ma’lum qildi. Vazirlikning QALAMPIR.UZ’ga taqdim etgan bayonotida shunday deyiladi:

“Ma’lumki, boshqa xorijiy mamlakatlarda ham Gulnora Karimovaga nisbatan tergov ishlari olib borilmoqda. Karimova ushbu tergov ishlariga ko‘ra, korrupsiya sxemalari orqali pul mablag‘larini o‘zlashtirish bo‘yicha ayblanmoqda. Biroq ayrim shaxslar ushbu dalillarni nazardan chetda qoldirgan holda, turli sabablarga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyatga nisbatan noxolis fikrlarni bildirmoqdalar.

Xorijda olib borilayotgan tergov ishlari materiallari va rasmiy manbalardan ma’lumki, Gulnora Karimova va unga daxldor bo‘lgan shaxslar tomonidan Latviya, Shveysariya, Fransiya, Shvetsiya, Niderlandiya va ehtimol boshqa mamlakatlarda ham korrupsiya sxemalari orqali pul mablag‘larini o‘zlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
 
Ta’kidlash joizki, aktivlarni qaytarishga oid barcha muzokaralar va tadbirlar O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq, Hukumat darajasida olib borilmoqda. Ushbu aktivlarga xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan taqiq solingan, shu sababli ular Gulnora Karimova (uning oila a’zolari)ning ixtiyorida emas va alohida shaxslar, jumladan Gulnora Karimova (uning oila a’zolari)ning xatti-xarakatlari ushbu aktivlarni qaytarishga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Hozirgi kunda noqonuniy orttirilgan aktivlarning qolgan qismini O‘zbekistonga qaytarish chora-tadbirlari davom etmoqda. 

Bundan ko‘rish mumkinki, noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekistonga Gulnora Karimovaning shaxsan o‘zi qaytargani yoki qolgan aktivlar bevosita Gulnora Karimova yoxud boshqa shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar yuridik asosga ega emas va ishlarning haqiqiy holatiga to‘g‘ri kelmaydi”.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Adliya vazirligi

Baholaganlar

91

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing