Kara-Murza ham Navalniyning o‘limida Putinni aybladi
Olam
−
21 fevral 2024 6745 2 daqiqa
Koloniyada uzoq muddat qamoq jazosini o‘tayotgan rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Vladimir Kara-Murza boshqa bir muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limi uchun to‘liq javobgarlikni shaxsan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yukladi. Bu haqda u X tarmog‘ida yozdi.
“Chunki Aleksey uning shaxsiy mahbusi edi. Faqat uning shaxsiy buyrug‘i bilan Federal xavfsizlik xizmatining “zaharlovchilari” harakat qilishi mumkin edi. Ular ish va hukmlarni ko‘rib chiquvchi tergovchilar, prokurorlar va sudyalar, qiynoq sharoitlarini yaratgan yuqori turma mulozimlaridir”, deb yozgan u.
Shuningdek, u 1999 yil sentyabr oyida Rossiyadagi turarjoy binolarining portlashini ham eslatgan.
"Bu odam o‘zining 25 yillik hokimiyati davomida o‘zi bilan birga o‘limni olib keldi – o‘sha kuzda kvartiralarida uxlayotgan tinch odamlar portlatilgan", deya qayd etgan muxolifatchi.
Bundan tashqari, Kara-Murza Checheniston, Gruziya, Suriya va Ukrainadagi keyingi “operatsiyalar”, “Nord-Ost” musiqiy filmida va Beslanda garovga olingandan keyin odamlarning o‘limi, Moskvada Anna Politkovskaya va Boris Nemsovning o‘ldirilishi haqida ham yozgan.
“Qasoskor, qo‘rqoq, ochko‘z chol kimda o‘z kuchiga tahdid borligini ko‘rsa, uni yo‘q qiladi. Uni to‘xtatish kerak. Buni faqat Rossiya jamiyatining o‘zi qila oladi", deydi u.
Ma’lumot o‘rnida, 2023 yil aprel oyida Vladimir Kara-Murza Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tanqid qilgani uchun vatanga xiyonat, nomaqbul tashkilot bilan hamkorlik qilish va armiya haqida soxta ma’lumot berganlikda ayblanib, 25 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilingan.
Garchi advokat siyosatchining sog‘lig‘i sababli tergov izolyatorida ushlab turish mumkin emasligini ta’kidlagan bo‘lsa ham, hukm chiqarilgunga qadar u bir yilni hibsda o‘tkazgan.
2024 yil 30 yanvarda Kara-Murza Omsk shahridagi 7-sonli axloq tuzatish koloniyasining bir kamerali tipidagi xonaga o‘tkazildi. Ushbu qamoqxonada saqlash shartlari eng qattiq hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni Rossiya hukumati muxolifatchi Aleksey Navalniy qamoqda vafot etganini e’lon qildi. Shundan so‘ng bir qator dunyo siyosatchilari, jumladan AQSH Prezidenti Jo Bayden ham Navalniyning o‘limi uchun Putinni aybladi.
Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning onasi Lyudmila Ivanovna o‘g‘li vafot etgan Xarp qishlog‘idagi qamoqxonaga bordi. Lyudmila Ivanovnaga o‘lim guvohnomasi berilgan, biroq siyosatchining jasadi Salexarddagi o‘likxonada ekani aytilgan.
Bundan tashqari, 50 mingdan ortiq kishi Navalniyning jasadini oilasiga topshirishni talab qilib chiqqan.
Shunga qaramay, Rossiya Tergov qo‘mitasi Aleksey Navalniyning jasadini uning onasi Lyudmila Ivanovnaga berishdan bosh tortgan. Bunga uning jasadi kimyoviy ekspertizadan o‘tkazish uchun yuborilgani va bu jarayon 14 kun davom etishi bahona bo‘lgan.
Live
Barchasi