Kapitandan generalgacha. Ukrainadagi urushda Rossiyaning qancha harbiysi qurbon bo‘ldi?

Olam

image

Ukrainada davom etayotgan urushda 557 nafar rus askari halok bo‘ldi. Ularning ismlari allaqachon tasdiqlangan. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rossiyada o‘lgani tasdiqlanganlar orasida 1 nafar general-mayor, 7 nafar polkovnik, 1 nafar birinchi darajali kapitan, kamida 9 nafar podpolkovnik, 20 nafar mayor va 70 nafardan ortiq kichik ofitser bor.

Rasmiy tan olingan yo‘qotishlar ro‘yxatiga o‘nlab parashyutchilar, GRU maxsus kuchlarining 7 vakili, Rossiya gvardiyasi maxsus kuchlarining bir nechta jangchilari, shuningdek kamida 8 uchuvchining ismi kiritilgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 mart kuni – birinchi marta Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi urushda halok bo‘lganlar haqida xabar bergan edi. O‘sha paytda Mudofaa vazirligi 498 askar halok bo‘lganini da’vo qilgan. Oradan mana 18 kun o‘tdi hamki, rus bo‘linmalaridagi yo‘qotishlar haqida rasman xabar yo‘q.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

96

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing