Kannabis yetishtirish uchun litsenziya olish tartibi belgilandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 770-son qarori qabul qilindi.

Hujjat “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi va “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq qabul qilindi. Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

•    Kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
•    Kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, saqlash, realizatsiya qilish, tashish, yo‘q qilish va hisobga olish bo‘yicha talablar.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi litsenziyalashni amalga oshiruvchi organ hisoblanadi, ushbu Vazirlik tomonidan:

•    tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha bo‘lgan kannabis o‘simligini (keyingi o‘rinlarda – kannabis o‘simligi) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya beriladi;
•    kannabis o‘simligini yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqarilgan yerlar ajratib beriladi;
•    ishlab chiqarish maqsadlarida yetishtirish uchun ekin navining uchinchi va undan keyingi reproduksiyadagi urug‘liklarini ekishga yo‘l qo‘yilmaydi;
•    2 oy muddatda giyohvand vositalar va psixotrop moddalar tayyorlanishining oldini olish hamda mintaqaviy kimyo laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi ishlab chiqiladi va h.k.

Nizomga muvofiq litsenziyalarni berish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish va xulosalar tayyorlash litsenziyalovchi organ huzuridagi ekspert komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziya faqat kannabis o‘simligi (tola va urug‘) bilan bog‘liq faoliyatning quyidagi turlarini amalga oshiradigan yuridik shaxslarga beriladi:

•    yetishtirish;
•    olib kirish, olib chiqish;
•    qayta ishlash;
•    saqlash;
•    realizatsiya qilish;
•    olish;
•    tashish.

Faoliyatning bir nechta turlarini amalga oshirish huquqini olishda har bir turiga alohida litsenziya beriladi. Litsenziyaning amal qilish muddati – 5 yil.

Litsenziya talablari va shartlari quyidagilardan iborat:

•    giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;
•    yuridik shaxsning shtatida tegishli malakaga ega bo‘lgan kamida uch nafar mutaxassis mavjud bo‘lishi;
•    moddiy-texnik baza, uskunalar, boshqa texnik vositalardan foydalanishni qamrab olgan holda litsenziyalashtirilgan aniq faoliyat turini bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etish;
•    yer uchastkasi, binolar, inshootlar, muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik uskunalarga egalik yoki boshqa ashyoviy huquqlarning bo‘lishi;
•    ishlab chiqarish xavfsizligi, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi bo‘yicha talablar va normalarga rioya qilinishini ta’minlash;
•    foydalaniladigan yer maydonlarida uzluksiz ishlovchi videokuzatuv tizimining mavjudligi;
•    laboratoriyada qiyosiy tahlillarni amalga uchun giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan foydalanish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lish;
•    ishlab chiqarilgan mahsulotning kamida 50 foizini eksportga yo‘naltirish;
•    irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiyalash va resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish.

Shuningdek Nizomda quyidagilar keltirilgan:

•    litsenziya olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati;
•    arizani ko‘rib chiqish hamda litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish tartibi;
•    litsenziyalash talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish usullari;
•    litsenziyaning amal qilishini to‘xtatish, tugatish va bekor qilish;
•    litsenziyalar reyestrini yuritish tartibi.

Arizani ko‘rib chiqish uchun BHMning 50%i miqdorida yig‘im undiriladi. Litsenziya uchun to‘lanadigan har yillik davlat boji miqdorlari qonun hujjatlarida belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tibbiy maqsadlarda kannabis yetishtirishga ruxsat beruvchi litsenziyani olish uchun qariyb 700 mln so‘m davlat boji to‘lash kerak bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

litsenziya kannabis

Baholaganlar

181

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing