Kanada va Shimoliy Yevropa mamlakatlari Rossiya va Xitoyga qarshi koalitsiya tuzyapti
Olam
−
03 Oktabr
8431Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Kanada va Shimoliy Yevropa mamlakatlari Rossiya va Xitoyga qarshi Arktikada mudofaa koalitsiyasini tashkil etish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Kanada Tashqi ishlar vaziri Melani Joli ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu harakat Rossiyaning Arktikadagi faoliyatini kuchaytirishi va Xitoyning mintaqadagi ta’sirini oshirishini inobatga olgan holda, moslashuvchi va mutanosib muqobil ta’sir etish strategiyasini shakllantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
“Kanada uzoq vaqt davomida geografiyamiz bilan himoyalanganmiz, deb o‘ylardi. Ammo, endi biz Rossiya bilan yuzma-yuz turgan mamlakat ekanligimizni hisobga olishimiz kerak. Iqlim o‘zgarishi tufayli Arktikaga qiziqish bildirayotgan mamlakatlar ko‘paymoqda, jumladan, Xitoy. Ottava ushbu “yangi haqiqat”ni inobatga olishi kerak”, dedi Joli.
Bildirilishicha, Kanada Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va Xitoyning Shimoliy Qutbga qiziqishining oshishi fonida Arktikadagi harbiy mavjudligini kuchaytirishga va’da berdi. Sentyabr oxirida Joli Daniya, Finlyandiya, Islandiya, Norvegiya va Shvetsiyalik mavqedoshlari bilan Kanadaning Ikaluit shahrida uchrashuv o‘tkazgan. Unda vazirlar “Arktikadagi xavfsizlik muloqoti” yoki mudofaa masalalarini muhokama qilish uchun yangi forum ochish yo‘llarini o‘rganishga kelishib olgan.
Ma’lumot uchun, barcha sanab o‘tilgan davlatlar, jumladan, AQSH va Rossiya ham Arktika kengashi — arktik davlatlarning hukumatlararo tashkilotiga a’zo hisoblanadi. 2022 yilda Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan keyin Arktika kengashiga a’zo barcha davlatlar Moskva raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda ishtirok etishdan bosh tortgan.
LiveBarchasi