Kanada Mahsa Amini vafoti sabab Eronga sanksiya kiritdi

Olam

image

Kanada joriy yilning 3 oktyabr kuni inson huquqlarining qo‘pol buzilishiga javoban Eronning 25 jismoniy va to‘qqiz yuridik shaxsiga nisbatan sanksiya joriy etishini e’lon qildi. Bu haqda Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Jolining Kanada hukumati saytida chop etilgan bayonotida aytiladi. 

“Kanada yangi sanksiyalar kiritmoqda. Bu sanksiyalar Eronda sodir etilgan inson huquqlarining qo‘pol buzilishiga, jumladan, ayollarning muntazam ravishda ta’qib qilinishiga, xususan, Eron axloq politsiyasining qo‘pol harakatlariga javobdir. Bu esa Mahsa Aminining o‘limiga sabab bo‘ldi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilganidek, yangi choralar 25 jismoniy va to‘qqiz yuridik shaxsga, xususan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) qo‘mondoni Husayn Salamiy, IIQKning “Al-Quds” maxsus kuchlari qo‘mondoni Ismoil Kaaniga, Eron axloq politsiyasi va uning boshlig‘i, Eron razvedka vaziri Sayyid Ismoil Xatib va u rahbarlik qilayotgan bo‘limga taalluqli. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda.Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.

Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi. 

Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Mahsa Amini

Baholaganlar

36

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing