Eron Germaniya tomonga “tosh” otdi
Olam
−
28 fevral
8158Germaniya inson huquqlarini himoya qilish bahonasida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashadi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanani ma’lum qildi.
“Germaniya rasmiylari inson huquqlarini himoya qilish bahonasida va ularni siyosiylashtirish orqali boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmoqda”, deyilgan Eron Tashqi ishlar vazirligining Telegram kanalida e’lon qilingan bayonotida.
Kanani BMT Inson Huquqlari Kengashida Germaniyaning Eronga qarshi ayblovlarini Germaniyaning [Falastindagi] ishg‘olni qo‘llab-quvvatlayotganini va Falastindagi inson huquqlari va insonparvarlik qonunlarining qo‘pol ravishda buzilishiga befarqligini yashirishga bo‘lgan befoyda urinish deb atagan. Eron diplomati ba’zi G‘arb hukumatlari Isroilni qo‘llab-quvvatlab, G‘azo sektorida genotsid o‘tkazayotgan holda, o‘zlarini inson huquqlari himoyachisi deb da’vo qilishlarini “achchiq istehzo” deb hisoblaydi.
“G‘azo sektori va G‘arbiy Sohildagi halokatli sharoitlar, shuningdek, Rafah hududidagi Falastin aholisi va ko‘chirilganlarning xavotirli ahvoli janjal uchun sabab va inson huquqlari himoyachilarining yetarli emasligining aniq dalilidir. Shunga ko‘ra, agar Germaniya va uning ittifoqchilari haqiqatan ham inson huquqlarini himoya qilishga intilsa, sionistik rejim tomonidan 70 foizdan ortig‘i ayollar va bolalar bo‘lgan 30 ming himoyasiz insonning vahshiylarcha o‘ldirilishi faktlarini aniqlash bo‘yicha maxsus missiya tuzing va shu tariqa butun dunyoga intilishlaringiz samimiyligini namoyish eting”, deydi Kanani.
26 fevral kuni Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok BMT Inson huquqlari kengashining 55-sessiyasidagi chiqishida Erondagi norozilik namoyishlari chog‘ida inson huquqlari buzilishi holatlarini tekshirish uchun Germaniya tashabbusi bilan tuzilgan xalqaro missiya vakolatini uzaytirishga chaqirdi. Missiya vakolati 2024 yil martida tugaydi. Berbokning aytishicha, organ Eronda namoyishlar boshlanganidan beri sodir etilgan repressiya, zo‘ravonlik va jinoyatlarga oid dalillar to‘playdi.
2022 yil 24 noyabrda BMT Inson huquqlari kengashi Erondagi norozilik namoyishlari chog‘ida inson huquqlari buzilishi holatlarini tekshirish bo‘yicha xalqaro missiya tashkil etish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. AQSH, Germaniya va boshqa G‘arb davlatlari tomonidan faol ilgari surilgan ushbu hujjat Inson huquqlari kengashining 47 a’zosidan 25 tasi tomonidan ma’qullandi. Armaniston, Venesuela, Xitoy, Kuba, Pokiston va Eritreya qarshi ovoz berdi. Braziliya, Hindiston, Indoneziya, Qozog‘iston, Qatar, Namibiya, BAA, Sudan va O‘zbekiston kabi 16 davlat betaraf qolgan.
Erondagi tartibsizliklar
Erondagi tartibsizliklar 2022 yilning 16 sentyabrida 22 yoshli Mahsa Aminining dafn marosimidan keyin boshlangan. Rasmiy versiyaga ko‘ra, politsiya Aminini ro‘molni noto‘g‘ri o‘ragani uchun hibsga olgan. So‘roq paytida uning yurak xurujiga uchragani va vafot etgani aytildi. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqida ma’lumot tarqaldi. 7 oktyabr kuni Eron sud-tibbiy ekspertizasi tashkiloti qizning o‘limiga oid rasmiy hisobotni e’lon qildi, unda uning jarohati yo‘qligi ta’kidlangan.
LiveBarchasi