Eronda Mahsa Amini vafotining ikki yilligi arafasida namoyishlar bo‘ldi

Olam

image

Eronda kecha, 15 sentyabr kuni kurd millatiga mansub Mahsa Amini o‘limining ikki yilligi munosabati bilan ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “France 24” xabar berdi.

Namoyishlardan bir kun avval mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilganiga qaramay, odamlar qizning xotirasini yod etish uchun ko‘chalarga chiqdi. Eron poytaxti va Aminining ona shahri Saqqezda ko‘plab politsiya va xavfsizlik xodimlari patrul o‘tkazdi. 

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yosh namoyishchilar eronlik qo‘shiqchi Shervin Hajipurning ikki yil avval Mahsa Amini vafotidan keyin ayollar huquqlari harakati madhiyasiga aylangan “Ayol, hayot, ozodlik” qo‘shig‘ini kuylagan. Marhum qizning oila a’zolariga uning qabriga borishga ruxsat berilmagan. Qabristonga yaqinlashish politsiya xodimlari tomonidan nazorat qilingan. Aminining ota-onasi uy qamog‘iga olingan.

Eronning Evin qamoqxonasidagi ayol mahbuslar namoyishlarga birdamlik uchun ochlik e’lon qildi. 

“Bugun Evin qamoqxonasidagi 34 nafar siyosiy mahbus ayol “Ayollar, hayot, ozodlik” harakati va Mahsa Amini o‘ldirilishining ikki yilligi munosabati bilan ochlik e’lon qildi”, deydi eronlik inson huquqlari faoli, Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Narges Muhammadiy.

Parijda yuzlab odamlar ayollar harakati va Eron muxolifatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shahar bo‘ylab yurish qilib, Aminiga hurmat bajo keltirdi. Marshda Eronda josuslik uchun nohaq hibsga olingan Fransiya fuqarosi Benjamin Briyer ham ishtirok etdi. Briyer 2023 yilning may oyida Eron qamoqxonasidan ozod qilingan. Parij Eron hukumatini hozirgacha xalqaro maydonda o‘z manfaatlari yo‘lida muzokaralar olib borish uchun xorijlik garovga olinganlardan foydalanganlikda ayblaydi.

Mahsa Amini 2022 yil 16 sentyabrda  ro‘molni noto‘g‘ri o‘rashda ayblanib, axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinganidan so‘ng vafot etdi. O‘shanda u 22 yoshda edi. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, qizning yurak xuruji bo‘lgan. Qarindoshlari, o‘z navbatida, Mahsaning yuragi bilan bog‘liq muammo yo‘qligini ta’kidlab, uning o‘limi sababini hibsda kaltaklanganligi deb atagan.

Aminining dafn marosimidan so‘ng Eron g‘arbida “Ayol, hayot, erkinlik!” shiori ostida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Ko‘p oylar davomida tartibsizliklar davom etdi. Nohukumat tashkilotlarga ko‘ra, namoyishlar paytida 550 dan ortiq namoyishchi halok bo‘lgan, 7 kishi qatl etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning dekabr oyida Eron Mahsa Amini oilasiga “Ayol, hayot, erkinlik” harakati tomonidan marhumaga berilgan Saxarov mukofotini olish uchun mamlakatni tark etishga ruxsat bermagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Mahsa Amini hayot “Ayol ozodlik” qo'shig'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made