Kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha jamoatchilik fikri tinglanadi – “O‘zatom” vakili
Jamiyat
−
28 iyun
5576O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) qurilishi bo‘yicha mahalliy jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi. Bu haqda Atom energiyasi agentligi (“O‘zatom”) direktori maslahatchisi Qosim To‘xtaxunov Markaziy Osiyoda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha “Ostona – Moskva – Toshkent” videoko‘prigi chog‘ida so‘z ochdi.
“Referendum masalasiga kelsak... Konstitutsiyamizga ko‘ra, bu masalalar bo‘yicha referendum o‘tkazishga hojat yo‘q, lekin biz tabiiy ravishda joylarda jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazamiz”, deydi u.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston jahon mehnat taqsimotining xomashyo qo‘shimchasi bo‘lib qolish niyatida emas, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar yetkazib berish uchun mahalliy xomashyoni qayta ishlash rejalashtirilmoqda.
“Nega uranni qayta ishlash va qo‘shimcha mahsulotlar olish kerak emas? Prezidentimiz oldimizga ana shu vazifani qo‘ydi. Shu bois atom energetikasi masalasi biz uchun o‘zini oqladi va O‘zbekiston atom energetikasini – nafaqat yirik, balki kichik modulli (atom elektr stansiyalari)ni ham ishonch bilan rivojlantiradi, deb ishonamiz”, deydi Qosim To‘xtaxunov.
“O‘zatom” rahbari maslahatchisi bugungi kunda O‘zbekiston uchun kichik modulli reaktorlar maqbulroq ekanini ta’kidladi.
“Ular ancha moslashuvchan, ish rejimi 120 foizni tashkil qiladi. Biz qayta tiklanadigan energiya, quyosh energiyasini juda kuchli, keng joriy etayotganimizni hisobga olsak, hisob-kitoblarimiz shuni ko‘rsatadiki, kichik modullar energiya tizimining ishlash rejimiga juda muvaffaqiyatli, juda uyg‘un kirishi mumkin”, deydi To‘xtaxunov.
“O‘zatom” rahbari maslahatchisi “Rosatom”ning bosh pudratchi sifatida tanlanishini “sof pragmatik yondashuv” deb atadi.
“Biz tahlil qildik: dunyoda nima sodir bo‘lmoqda, qanday kompaniyalar ishlayapti, ular qanday ishlaydi. Va, tabiiyki, bizning tanlovimiz “Rosatom” foydasiga. Bu yerda sof texnik, sof pragmatik yondashuv bor”, deb qo‘shimcha qildi “O‘zatom” vakili.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya Jizzaxda kam quvvatli AES qurilishi boshlanishi haqida protokol imzolangandi. Qozog‘istonda esa 2024 yilning kuzida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi