Missiya O‘zbekistonda ishini boshladi. Yana 250 kishining kelishi kutilyapti
Jamiyat
−
25 noyabr 2019
4048Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekiston Respublikasida saylovni kuzatuvchilar missiyasi bugun, 25 noyabr kuni o‘z ishini boshladi. Bu QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova xabar bermoqda.
Hukumat tomonidan taklif etilgan missiyaga Kaetana De Zulueta Outram rahbarlik qilmoqda va missiyaning tarkibiga Toshkentda joylashgan 11 mutaxassisdan iborat asosiy guruh, shuningdek 3 dekabrdan butun mamlakat bo‘ylab yuboriladigan 30 ta uzoq muddatli kuzatuvchilar kiradi. Bundan tashqari, DIIHB YeXHTga a’zo davlatlarga saylovdan bir necha kun oldin kelish uchun 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilarni yuborishni so‘rab murojaat qiladi.
Missiya saylovning YeXHT majburiyatlari, boshqa xalqaro majburiyatlar va demokratik saylovlar standartlariga, shuningdek milliy qonunchilikka muvofiqligini baholaydi. Kuzatuvchilar saylovchilarni ro‘yxatga olish, saylovoldi tashviqot, saylov komissiyasi va tegishli davlat organlari faoliyati, saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va uning ijrosi, shuningdek, saylov bilan bog‘liq nizolarni hal etish kabi saylovning asosiy jihatlarini diqqat bilan kuzatib boradilar. Missiya, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida kampaniyaning yoritilishini kuzatib boradi.
Davlat hokimiyati organlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va xalqaro hamjamiyat vakillari bilan uchrashuvlar kuzatuvning ajralmas qismi hisoblanadi.
Saylov kunida DIIHB saylovni kuzatish bo‘yicha Missiyasi YeXHTning Parlament assambleyasi bilan birgalikda saylov uchastkalari ochilishini, ovoz berish, ovozlarni hisoblash va jadvallar hisobotini kuzatishda ishtirok etadi.
Kuzatuvlarning yakuniy hisoboti saylov jarayoni tugaganidan taxminan ikki oy o‘tgach, chop etiladi.
LiveBarchasi