YeXHT missiyasi saylovlarga tayyorgarlikni baholash uchun O‘zbekistonga keldi
Jamiyat
−
29 may
3950O‘zbekistonga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) ekspertlari keldi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, YeXHT DIIHB metodologiyasi bo‘yicha ehtiyojlarni baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi va saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.
Tashrif dasturiga muvofiq EBM ekspertlari qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati instituti vakillari bilan uchrashadi.
Bugun, 28 may kuni Missiya ekspertlari YeXHT DIIHB saylov departamenti katta maslahatchisi Keara Kastaldo hamda saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Kaxa Inaishvili Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev bilan uchrashgan.
“Uchrashuvda DIIHB saylovlarni kuzatish Missiyalarining natijalari bo‘yicha berilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ekspertlar parlament quyi palatasi va saylov organlari tizimidagi o‘zgarishlar bilan tanishdi. Ushbu o‘zgarishlarga ko‘ra, mamlakatda saylov organlarining yagona markazlashgan tizimi shakllantirilmoqda, parlament quyi palatasiga saylovlar aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi.
“Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari DIIHB missiyalarining 2023 yilda o‘tkazilgan referendum va muddatidan ilgari prezident saylovini kuzatish bo‘yicha yakuniy hisobotlarini tahlil qilish va ulardagi tavsiyalarni saylov qonunchiligi va amaliyotiga joriy qilish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi uchun minnatdorlik bildirdilar. Shuningdek, mamlakatimizda saylov tartib-taomillari tamoyillarini umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillarga muvofiq takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, shu yili O‘zbekistonda parlament saylovlari o‘tkazilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili DIIHB xalqaro kuzatuvchilari O‘zbekistonda prezidentlik saylovlariga texnik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgani, ammo unda haqiqiy raqobat bo‘lmaganini qayd etgandi.
LiveBarchasi