Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 21 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Feridun Sinirlio‘g‘luni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda YeXHT bilan iqtisodiy-ekologik, siyosiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

Ochiq va konstruktiv muloqot yuksak darajaga chiqqani, O‘zbekistonning YeXHT va uning tizimidagi institutlar bilan hamkorligi izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Tashkilot rahbariyati O‘zbekistonga tashriflarni muntazam amalga oshirmoqda, YeXHT DIIHB missiyalari mamlakatimizda saylov jarayonlarini monitoring qilishda faol ishtirok etmoqda.

Transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, sud-huquq tizimini isloh qilish, gender tenglikni ilgari surish, inson huquqlarini himoya qilish va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning natijalari alohida qayd etilgan.

Tomonlar kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, raqamlashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda “yashil” kun tartibini ilgari surish kabi ustuvor yo‘nalishlarda ham hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidlagan.

Hamkorlik bo‘yicha yangi “yo‘l xaritasi”ni tayyorlab, O‘zbekistonda va YeXHT doirasida bir qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev EXHT Feridun Sinirlio'g'lu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing