YeXHT Belarusdagi saylovlarni kuzatishdan bosh tortdi
Olam
−
18 yanvar
2060Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT) 26 yanvar kuni Belarusda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga kuzatuvchilarni yubormaydi. Bu haqda kecha, 17 yanvar kuni YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
9 yanvar kuni DIIHB bayonot berib, Belarus hukumati YXHT kuzatuvchilarini prezidentlik saylovlariga taklif qilmaganidan afsus bildirgandi.
“Belarus hukumatining YeXHT davlatlarini DIIHB orqali bo‘lajak prezidentlik saylovlarini kuzatishga taklif qilmaslik to‘g‘risidagi qaroridan chuqur afsusdiz, bu esa mamlakat fuqarolarini butun jarayonni shaffof va to‘liq baholashdan mahrum qiladi”, degan DIIHB direktori Mariya Telalyan.
YeXHT Parlament Assambleyasi rahbari Pia Kauma esa Minsk 1990 yildagi Kopengagen hujjatini imzolagani uchun o‘z saylovlariga YeXHTning boshqa davlatlaridan kuzatuvchilarni taklif etishga majbur ekanligini eslatdi.
Unda aytilishicha, “ham chet ellik, ham milliy kuzatuvchilarning ishtiroki saylov jarayonining ishonchliligini oshirishi mumkin” va shuning uchun davlatlar ularning milliy saylovlari jarayonini kuzatishga “YeHHTga a’zo bo‘lgan boshqa har qanday davlatdan va buni xohlaydigan har qanday tegishli xususiy muassasa va tashkilotlardan kuzatuvchilarni taklif qiladi”.
YeXHTning 9 yanvardagi bayonotida ta’kidlanishicha, 2020 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan keyin DIIHB o‘z vaqtida taklif qilinmaganligi sababli uchinchi marta Belarusdagi saylovlarni kuzata olmayapti.
17 yanvar kuni Belarus Tashqi ishlar vazirligi Facebook'da DIIHBga saylovni kuzatish uchun taklif yuborishini yozdi. Minskda ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar MSK 49 davlatdan 456 nafar xalqaro kuzatuvchini akkreditatsiya qilgan.
"MDH Ijroiya qo‘mitasi va Parlamentlararo Assambleyasi, KXSHT Parlament Assambleyasi, Ittifoq Davlatlari Parlament Assambleyasi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti takliflarni qabul qilgan", deya xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi.
Biroq DIIHB bu taklifnoma juda kech yuborilgani, shu bois 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda YeXHT kuzatuvchilari bo‘lmasligini bildirdi.
“Prezidentlik saylovlariga 10 kun qolganida Belarusdan kelgan taklif DIIHBga saylov jarayonining muhim bosqichlariga kirishiga to‘sqinlik qiladi va mazmunli kuzatishni imkonsiz qiladi. 9 yanvardagi bayonotimizdagi ma’lumotlar hamon o‘z kuchini yo‘qotmaydi. Belarus bir necha oy oldin prezidentlik saylovlari sanasini e’lon qilgan va hukumat DIIHBga saylovning barcha muhim jihatlarini kuzatish uchun o‘z vaqtida taklif qilinishi kerakligini yaxshi biladi”, dedi DIIHB matbuot kotibi Katia Andrus.
Shu kuni AQSH Davlat departamenti “Belarusdagi soxta saylovlar va davom etayotgan repressiyalarni qoralab” bayonot berdi.
“Rejimning YeXHTga bo‘lajak saylovlarni kuzatish uchun o‘z vaqtida taklif etmagani uning saylov jarayonining shaffof o‘tishiga, shuningdek, YeXHTga a’zo davlat sifatidagi o‘z majburiyatlariga e’tibor bermasligidan dalolat beradi. Har qanday muxolifatni bostirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan choralar Lukashenko rejimi o‘z xalqidan qo‘rqishini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Qo‘shma Shtatlar senzura keng tarqalgan va mustaqil ommaviy axborot vositalari mavjud bo‘lmagan, muxolifat yo qamoqda, yo surgunda bo‘lgan, saylov byulletenlarida faqat rejim tomonidan ma’qullangan nomzodlar chiqishi mumkin bo‘lgan muhitda bu saylovlar ishonchli bo‘lishi mumkin emasligini baholashda Yevropadagi ko‘plab ittifoqchilariga qo‘shiladi”, deyiladi Davlat kotibi Antoni Blinken imzolagan bayonotda.
23 dekabr kuni Belarus Markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka besh nafar nomzodni ro‘yxatga oldi. Yanvar oyida Aleksandr Lukashenkoning to‘rtta rasmiy raqibi davlat televideniyesida o‘z saylovoldi dasturlarini taqdim etgan edi.
Ular Minskka qarshi sanksiyalar "suverenitet uchun" kiritilganini ta’kidlab, "buyuk SSSR", hududiy mudofaani kengaytirish va aholi sonining qisqarishi haqida gapirdi. Lukashenkoning o‘zi televideniye va radio orqali saylovoldi chiqishlaridan voz kechdi.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar