Quyosh so‘nsa, sayyoralar taqdiri nima bo‘ladi?
Bu qiziq
−
13:23 1404 2 daqiqa
Astronomlar Quyosh oq mitti yulduzga aylanganidan keyin uning tizimidagi sayyoralarning orbitalari beqarorlashib, ularning aksariyati tizimdan chiqib ketishi mumkinligini aniqladi. Bu haqda “The Astrophysical Journal Letters” jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib, “Naked Science” xabar berdi.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, taxminan 5 milliard yildan keyin Quyosh keskin kengayib, qizil gigantga aylanadi. Bu jarayonda uning tashqi qatlamlari hozirgi Yer orbitasigacha yetib borishi mumkin. Biroq Yerning aynan qanday taqdirga duch kelishi hozircha aniq emas: sayyora Quyosh kengayishi davomida uzoqroq orbitaga ko‘chishi yoki yulduz atmosferasi bilan o‘zaro ta’sir sabab harakatini sekinlashtirishi mumkin.
Keyinchalik Quyosh tashqi qatlamlarini yo‘qotadi, uning qolgan yadrosi esa oq mitti yulduzga aylanadi. Avvalgi tadqiqotlarda bu jarayondan keyin Quyosh tizimidagi ayrim sayyoralar o‘z orbitalarini saqlab qolishi mumkinligi taxmin qilingan.
Yangi tadqiqotda esa Quyosh massasini yo‘qotish jarayoni batafsilroq modellashtirilgan. Olimlar yulduz massasini bir tekisda emas, balki pulsatsiyalar orqali, ya’ni davriy ravishda yo‘qotishini hisobga olgan. Bunday o‘zgarishlar Quyoshning holatiga, natijada sayyoralar orbitalariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Vaqt o‘tishi bilan kichik o‘zgarishlar to‘planib, butun tizimning dinamik barqarorligini buzishi mumkin.
Modellashtirish natijalariga ko‘ra, Quyosh oq mittiga aylanganidan keyingi dastlabki 3 milliard yil ichida sayyoralar tizimlarining 96 foizida orbital barqarorlik buzilgan. Tizimlarning 40 foizida esa bunday o‘zgarishlar Quyosh hali qizil gigant bosqichida bo‘lganidayoq yuz bergan.
Bu barcha sayyoralar albatta yo‘q bo‘lib ketadi, degani emas. Ayrim holatlarda Uran va Neptun orbitalarining o‘rni almashishi, boshqa sayyoralarning harakati esa keskin o‘zgarishi mumkin. Ba’zi modellashtirilgan tizimlarda sayyoralar orbitalarining o‘zaro muvofiqlashuvi ularning uzoq vaqt barqaror qolishiga yordam bergan.
Tadqiqotga ko‘ra, Quyosh tizimiga o‘xshash sayyoralar tizimining realistik ssenariylardagi o‘rtacha yashash muddati taxminan 1 milliard yilni tashkil etgan. Quyosh massasini pulsatsiyalarsiz, bir tekis yo‘qotadi deb hisoblangan nazariy ssenariyda esa bu muddat nihoyatda uzoq – kvintillion yilgacha yetgan. Biroq ikkinchi natija real sharoitlarni to‘liq aks ettirmaydigan ideal hisob-kitoblarga asoslangan.
Olimlar yangi natijalar Quyosh tizimining kelajagi haqidagi barcha savollarga javob bermasligini ta’kidlamoqda. Xususan, oq mitti va hatto neytron yulduzlar atrofida ham sayyoralar aniqlangan.
Ularning ayrimlari yulduz evolyutsiyasidan keyin hosil bo‘lgan bo‘lishi mumkin, boshqalari esa avvalgi sayyora tizimlaridan saqlanib qolgan. Agar yangi hisob-kitoblar to‘g‘ri bo‘lsa, bunday sayyoralar qanday qilib o‘z orbitalarini saqlab qolgani qo‘shimcha tadqiqotlarni talab qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NOIRLab astronomlari “Kristall shar tumanligi” deb ataladigan NGC 1514 ob’ektining yangi tasvirini e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr