Qo‘riqlash xizmati xodimi maktabda o‘quvchi qizga shahvoniy shilqimlik qildi
3-sahifa
−
15:18 1703 2 daqiqa
Toshkent shahrida maktab qo‘riqlash xizmati xodimi 6-sinf qizga nisbatan shilqimlik qildi. QALAMPIR.UZ bu haqdagi sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda keltirilishicha, voqea joriy yilning 15 sentyabr kuni soat 15:30 lar atrofida Shayxontohur tumanidagi maktablardan birida sodir bo‘lgan. Mazkur maktabda shartnoma asosida qo‘riqlash xizmati xodimi bo‘lib ishlovchi 23 yoshli Sh.J. 6-sinf o‘quvchisining oldiga borib, uning belidan ushlagan va labidan o‘pgan. Uning harakatlari shahvoniy shilqimlik sifatida baholangan.
Shundan so‘ng, surishtiruv organi Sh.J. ning harakatlarini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilib, ishni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborgan. Biroq Shayxontohur tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi ish materiallarini o‘rganib, holat yuzasidan tekshiruv to‘liq o‘tkazilmaganini aniqlagan.
Sudning qayd etishicha, Sh.J.ning harakatlarida Jinoyat kodeksining 129-moddasida (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud yoki mavjud emasligiga aniqlik kiritilmagan. Shuningdek, voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan harakatlarga to‘liq huquqiy baho berilmagan.
Sud qayta surishtiruv davomida ish holatlari har tomonlama o‘rganilishi, Sh.J. harakatlarida jinoyat alomatlari bor-yo‘qligi aniqlanishi va jinoyat tarkibi mavjud bo‘lsa, unga nisbatan tegishli huquqiy baho berilishi lozimligini belgilagan.
Shu sababli ma’muriy ish hujjatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 278-moddasi (materiallarni prokurorga topshirish) tartibida Shayxontohur tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi