Qunduzlar o‘rmon yong‘inlari, qurg‘oqchilik va suv toshqinlariga qarshi kurashmoqda

Olam

image

Yevropada bir vaqtlar deyarli yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan qunduzlar yana ko‘payib, tabiiy ekotizimlarni tiklashda muhim rol o‘ynamoqda. Bu haqda DW xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, XX asr boshlarida qunduzlar mo‘ynasi, go‘shti va hid bezlari uchun ommaviy ravishda ovlangan. Oqibatda 1900 yilga kelib Yevropada yovvoyi Yevroosiyo qunduzlarining soni qariyb 1,5 mingtagacha kamaygan. Biroq qit’a bo‘ylab olib borilgan uzoq muddatli muhofaza va qayta tiklash ishlari natijasida bugungi kunda Yevropada qunduzlar soni 1,5 milliontagacha yetgan.

Qayd etilishicha, qunduzlar tabiatda o‘ziga xos “muhandis” vazifasini bajaradi. Ular qurgan to‘g‘onlar suv oqimini sekinlashtirib, suv ifloslantiruvchi moddalarni filtrlashga, suv toshqinlari va qurg‘oqchilik oqibatlarini kamaytirishga yordam beradi. Shuningdek, qunduzlar faoliyati yerosti suv zaxiralarini to‘ldirishga xizmat qilib, botqoqliklar va daryo ekotizimlarining tiklanishiga hissa qo‘shmoqda.

Ayni paytda qunduzlar Ispaniyadan Rossiyagacha bo‘lgan hududlarda yana keng tarqalib, tabiiy suv havzalari va botqoqliklarning qayta tiklanishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar qunduzlarning tabiatda ko‘payishi nafaqat ularning o‘z populyatsiyasini saqlab qolish, balki insonlarni iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan himoya qilish uchun ham muhim ekanini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropaning bir qator davlatlarida yangi kuchli jazirama to‘lqini kuzatilayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing