Jazirama, qurg‘oqchilik va kuchli jala: insoniyatni sinovli yil kutmoqda

Bu qiziq

image

Joriy yildagi El-Nino barcha kuzatuvlar tarixidagi eng kuchlisiga aylanishi hamda qurg‘oqchilik, kuchli jala va boshqa ekstremal ob-havo xavfini oshirishi mumkin. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkilotiga (JMT) tayanib, “Reuters” xabar berdi.

JMT prognoziga ko‘ra, hodisa 2026 yilning oxiriga borib o‘z cho‘qqisiga yetadi. Mutaxassislar uning 2027 yilning fevraligacha saqlanib qolish ehtimolini qariyb 100 foizga baholamoqda. Tashkilot ilk bor bunday prognozni yuqori ishonch bilan bermoqda.

“Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, El-Nino kuzatuvlarimiz boshlanganidan beri eng kuchlisiga aylanishi mumkin”, deydi JMT bosh kotibi Selesta Saulo.

Ma’lumot uchun, El-Nino – Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismida ekvator yaqinidagi sirtqi suvlarning davriy ravishda isib ketishidir. U o‘rtacha 2 yildan 7 yilgacha bo‘lgan oraliqda bir marta yuzaga keladi va odatda 12 oygacha davom etadi. Doimiy shamollar susayganda, iliq suv sharqqa qarab tarqaladi. Bu havo massalarining harakatini va yog‘ingarchilikning taqsimlanishini o‘zgartiradi: ba’zi mintaqalarda qurg‘oqchilik kuchayadi, boshqalarida esa kuchli yomg‘irlar yog‘adi.

31 avgust holatiga ko‘ra, El-Nino kuzatuv zonasida suv sirtining harorati ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,6 darajaga yuqori bo‘lgan. Sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari davridagi avvalgi rekord 2015 yilda qayd etilgan – o‘shanda me’yordan oshish 3,1 darajani tashkil etgan. 14 ta modelning o‘rtacha prognoziga ko‘ra, noyabr oyida suv me’yordan taxminan 4 darajaga issiqroq bo‘lishi mumkin.

Agar prognoz o‘z tasdig‘ini topsa, joriy El-Nino kamida oxirgi ming yildagi eng kuchlisiga aylanishi mumkin, deb hisoblaydi iqlimshunos Zik Xausfater. Bu baholash olimlar o‘tmish iqlimini qayta tiklashda foydalanadigan marjonlar, daraxtlarning yillik halqalari va tarixiy hujjatlarni o‘rganishga asoslangan.

El-Nino tabiiy ravishda yuzaga keladi, biroq iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq okeanning isishi uning oqibatlarini kuchaytirishi mumkin. Markaziy Amerikada bu hodisa allaqachon keng ko‘lamli hosil yo‘qotishlariga va og‘ir oziq-ovqat inqiroziga olib kelgan.

BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi baholashicha, El-Nino tufayli 2027 yilning oxiriga borib yana kamida 49 million kishi keskin oziq-ovqat tanqisligiga duch kelishi mumkin. Prognoz 45 ta xavf ostidagi mamlakatni qamrab oladi. Eng og‘ir oqibatlar Markaziy Amerikaning ayrim hududlarida va Afrika janubida kutilmoqda.

El-Ninoning global haroratga ta’siri kechikish bilan namoyon bo‘ladi, shu sababli u hodisa cho‘qqisi o‘tganidan keyin ham saqlanib qoladi. 2023–2024 yillardagi holat 2024 yilning rekord darajada issiq bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar dunyo okeanida kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori haroratni qayd etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing