“Aql bovar qilmas”: 6 oyda 450 mingdan ortiq odam issiqdan qirilib ketishi mumkin
Olam
−
11:13 1661 5 daqiqa
Kuchli El-Nino sababli kelgusi olti oyda dunyo bo‘ylab 450 mingdan ortiq odam issiq tufayli vafot etishi mumkin. Olimlar hodisa hali o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqmaganini, shunga qaramay, harorat El-Nino davrida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan oshib ketganini aytmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Iqlimshunoslarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yil sentyabridan 2027 yil fevraligacha davom etadigan davrda El-Nino tufayli yuzaga keladigan qo‘shimcha issiq 451 ming kishining o‘limiga olib kelishi mumkin.
Eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan davlatlar qatoriga Nigeriya, Indoneziya, Sudan, Hindiston va Braziliya kiradi. AQSH ham eng ko‘p ta’sirlanadigan 20 ta davlat qatorida bo‘lib, u yerda qo‘shimcha 3,5 mingga yaqin odam issiq tufayli vafot etishi prognoz qilinmoqda. Afrikaning Sahel mintaqasi va Janubi-Sharqiy Osiyo ham kuchli ta’sir ostida qolishi kutilmoqda.
El-Nino nafaqat issiqni kuchaytiradi. U qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘inlari va suv toshqinlarini ham keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli ushbu hodisa oqibatida issiqdan tashqari boshqa sabablar bilan ham qo‘shimcha o‘limlar yuz berishi mumkin.
Olimlar issiq tufayli yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘limlarni hududlar kesimida hisoblagan. Ularning ta’kidlashicha, bunday prognozlar odamlarni himoya qilish choralarini oldindan ko‘rish imkonini beradi. Buning uchun issiq havo bo‘yicha aniqroq prognozlar berish, odamlar jaziramada panoh bo‘lishi mumkin bo‘lgan salqin markazlar tashkil etish, eng issiq paytlarda tibbiyot muassasalarida xodimlar sonini oshirish va ochiq havoda ishlaydiganlarni himoya qilish taklif etilmoqda.
Hozirgi El-Nino joriy yilning 21 sentyabr kuni ushbu hodisa bo‘yicha qayd etilgan eng yuqori harorat ko‘rsatkichidan oshib ketgan. Haroratning keskin oshishi avvalgi El-Nino hodisalariga nisbatan shu qadar yuqoriki, ayrim olimlar uni “aql bovar qilmas” va “Godzilla darajasidagi” hodisa deb atamoqda.
El-Nino tabiiy iqlim hodisasi bo‘lsa-da, global isish uning ta’sirini kuchaytirishi mumkin.
“451 ming kishi degan raqam shu qadar kattaki, u odamni karaxt qilib qo‘yishi mumkin. Ammo bu raqam ota-onalar va bolalar, bobo-buvilar va qo‘shnilar, ishga borayotgan, oilasiga g‘amxo‘rlik qilayotgan va o‘z hayotini yashayotgan odamlardan iborat”, degan hisobot hammuallifi, Chikago universiteti professori va Climate Impact Lab tashkiloti hammuassisi Maykl Grinstoun.
Prognoz 2027 yil fevraligacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Chunki hozirgi harorat prognozlari shu muddatgacha tuzilgan. Biroq issiq tufayli o‘limlarning yuqori darajasi 2027 yil iyun yoki iyul oyigacha davom etishi kutilmoqda.
Tadqiqotchilar El-Ninoni “kelajagimizdan yuborilgan otkritka” deb atagan. Ularning fikricha, hozirgi hodisa haroratni iqlim inqirozi taxminan 20 yildan keyin olib kelishi kutilayotgan darajaga ko‘tarmoqda.
“Favqulodda vaziyatlarga javob choralarini kuchaytirish va sa’y-harakatlarimizni aniqroq yo‘naltirish orqali bu yil ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolish mumkin. Ammo 20 yildan keyin bugungi ekstremal haroratlar odatiy holga aylanganda, biz doimiy favqulodda vaziyatda yashashni istamaymiz. Kelajakda insonlar hayotini saqlab qoladigan vositalarni yaratish, joriy etish va sinovdan o‘tkazish uchun hozirdanoq harakat qilishimiz kerak”, degan hisobot hammuallifi, Kaliforniya universiteti professori Tamma Karlton.
Prognozlar butun dunyo bo‘ylab 24 378 ta hududda harorat va issiq tufayli qo‘shimcha o‘limlar o‘rtasidagi oyma-oy bog‘liqlikni o‘rgangan ilmiy usullar asosida ishlab chiqilgan. Keyin bu ma’lumotlar kelgusi oylarda El-Nino sababli haroratning oshishi haqidagi prognozlar bilan birlashtirilgan. Hisob-kitoblarda 1996–2025 yillardagi o‘rtacha oylik issiq tufayli o‘limlar soni asos qilib olingan.
Grinstounning aytishicha, ilgari olimlar ekinlarga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan zarbalarni oldindan prognoz qilib, bu haqda ogohlantirish bergan. Yangi hisobot esa xuddi shunday usul yordamida inson o‘limini ham oldindan baholash imkonini bermoqda.
Hisobot ilmiy jurnalga ekspertlar ko‘rigidan o‘tkazish uchun taqdim etiladi. Biroq Grinstoun vaziyatning dolzarbligi sababli tadqiqotni e’lon qilishni kutib o‘tirish mas’uliyatsizlik bo‘lishini aytgan.
El-Nino oziq-ovqat ta’minotiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jahon oziq-ovqat dasturi avgust oyida El-Nino oqibatlari qariyb 50 million kishini o‘tkir ochlik holatiga tushirishi va oziq-ovqat narxlarini oshirishi mumkinligidan ogohlantirgandi.
1877–1878 yillardagi yirik El-Nino hodisasi qurg‘oqchilik va ocharchilik tufayli 50 milliondan ortiq odamning o‘limiga olib kelgan. O‘sha paytda Hindiston, Braziliya va Xitoy eng katta zarar ko‘rgan.
London Imperial kolleji professori Friderika Otto hozirgi El-Nino iqlim tizimidagi energiyaning katta miqyosda qayta taqsimlanishi ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa inson faoliyati ta’sirida allaqachon isib ketgan iqlim sharoitida yuz berayotgani uchun xavfli.
“Dunyoning ko‘plab hududlarida ilgari kuzatilmagan darajadagi ekstremal issiq va uning sog‘liq, oziq-ovqat xavfsizligi hamda suv tanqisligiga ta’sirini ko‘ramiz. El-Nino keladi va ketadi, biroq qazib olinadigan yonilg‘ilarni yoqishda davom etar ekanmiz, u tobora issiqroq sharoitda yuz beradi. Bu esa jamoalarning uning oqibatlari bilan kurashishini yanada qiyinlashtiradi”, degan Otto.
Ma’lumot uchun, El-Nino – Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismlarida yer usti suvlarining me’yordan ortiq isishi bilan bog‘liq bo‘lgan iqlim hodisasi bo‘lib, dunyoning turli mintaqalaridagi ob-havo sharoitlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Odatda, ushbu hodisa har ikki yildan yetti yilgacha bo‘lgan davr oralig‘ida kuzatiladi va to‘qqiz oydan o‘n ikki oygacha davom etadi.
Live
Barchasi