Istanbulni suv bosdi. Qurbonlar bor, maktablar yopildi
Tahlil
−
18:09 582 5 daqiqa
Istanbulni suv bosdi. 2 kishi halok bo‘ldi, maktablar yopildi. 14 oktyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida kuchli yomg‘ir va bo‘ron oqibatida keng ko‘lamli suv toshqinlari yuz berdi. Oqibatda, ko‘chalar ko‘lga aylanib, avtomashinalarni suv oqizib ketgan. Shahardagi kuchli jala 41 yillik rekordni yangiladi. Suv toshqinidan Turkiyadagi O‘zbekistonliklar ham ogohlantirilgan.
41 yil ichida kuzatilmagan jala
Kecha, 14 oktyabr kuni Istanbulda kuchaygan kuchli yomg‘ir shahar hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Ko‘plab ko‘chalar va yo‘llar suv ostida qolgan, avtomobillar va avtobuslar suv ichida qolib ketgan. Ayrim hududlarda suv yerosti yo‘llari, metro bekatlari, avtoturargohlar, turarjoylar va savdo ob’ektlariga kirgan. Transport harakatida jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelgan.
Kuchli yog‘ingarchilik oqibatida birinchi fojia shaharning Fotih tumanida yuz bergan. Balat mahallasidagi Chuqurbo‘ston bog‘ida suv to‘plangan joydan o‘tayotgan 14 yoshli bolani elektr toki urgan. Hushsiz holatda shifoxonaga olib borilgan bolani shifokorlar qutqara olmagan. Voqea yuzasidan tergov boshlangan.
Yana bir kishi shaharning Sariyer tumani Ayozog‘a mahallasida halok bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, 34 yoshli erkak Derebo‘yu ko‘chasida suv bosgan yo‘ldan o‘tishga uringanida sirpanib yiqilgan va boshini yo‘lakka urgan. Uni atrofdagilar suvdan olib chiqqan. Shifoxonaga yetkazilgan erkak shifokorlar ko‘rsatgan yordamga qaramay vafot etgan. Ushbu holat yuzasidan ham tergov boshlangan.
Kuchli yomg‘irdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri Sariyer tumanidagi Ayozog‘a mahallasi bo‘lgan. Kemerburgaz ko‘chasi bo‘ylab joylashgan korxonalar suv ostida qolgan, tungi smenada ishlayotgan qariyb 200 nafar ishchi esa suv sathi ko‘tarilishi sababli binolarni tark eta olmagan.
Xabar kelib tushgach, hududga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD), o‘t o‘chirish xizmati, qutqaruv guruhlari va boshqa tegishli idoralar xodimlari yuborilgan. Qutqaruvchilar baland yuk mashinalari va mikroavtobuslardan foydalanib, ishchilarni xavfsiz hududga olib chiqqan.
Shaharning boshqa hududlarida ham fuqarolar suv ichida qolib ketgan. Merter metro bekati yaqinida ayrim odamlar qurilish texnikasi yordamida qutqarilgan. Bahchelievler tumanidagi Turgut O‘zal yerosti yo‘lida esa suv ichida qolgan ayol haydovchi maxsus texnika yordamida xavfsiz joyga olib chiqilgan. Ayrim hududlarda suv oqimi to‘xtab turgan avtomobillarni oqizib ketgan. Fuqarolar qutqaruv guruhlari kelgunga qadar avtomobillar tomiga chiqib kutishga majbur bo‘lgan.
Yomg‘ir oqibatlarini bartaraf etish uchun 8 ming nafar xodim, 2 mingta transport vositasi va maxsus texnika safarbar qilingan. Ishlar AFAD’ning Istanbul mintaqaviy boshqarmasida tashkil etilgan inqiroz markazi orqali muvofiqlashtirilgan.
Istanbul shahar hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, kuchli yog‘ingarchilik ayrim hududlarda 1985 yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga yetgan.
Dastlabki ma’lumotlarda Beyko‘z tumanida bir kvadrat metrga 242 kilogramm, Eyyupsultonda 190,5 kilogramm, Sariyerda esa 187,9 kilogramm yomg‘ir yoqqani keltirilgan. Bosfor bo‘g‘ozi atrofi va shaharning Yevropa tomonidagi ayrim hududlarda yog‘ingarchilik miqdori bir kvadrat metrga 100–230 kilogrammni tashkil etgan.
Kuchli yomg‘ir Kag‘itxane tumanida ham jiddiy oqibatlarga olib kelgan. U yerdagi soy toshib, tarixiy Sadabod masjidining namozxonasi va hovlisidagi ayrim binolarni suv bosgan. Kuchukchekmeje tumanida esa kuchli shamol masjid minorasidagi metall qismlarni uzib yuborgan. Ular ko‘chada turgan avtomobil ustiga tushgan, hodisa oqibatida mashina shikastlangan, biroq hech kim jabrlanmagan.
Noqulay ob-havo Istanbul aeroporti va Sabiha Go‘kchen aeroportidagi parvozlar faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Turkiya Transport va infratuzilma vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Istanbul aeroportiga qo‘na olmagan 43 ta samolyot mamlakat ichidagi va xorijdagi muqobil aeroportlarga yo‘naltirilgan.
Ularning 16 tasi Anqara, 10 tasi Izmir, 8 tasi Sabiha Go‘kchen, 2 tasi Balikesir, 2 tasi Chanoqqal’a va 1 tasi Antaliya aeroportiga yo‘naltirilgan. Xorijda esa bir samolyot Tehronga, ikkitasi Burgasga va yana biri Afinaga yo‘naltirilgan.
Sabixa Go‘kchen aeroportida kuchli shamol sababli qo‘nishlar vaqtincha to‘xtatilgan, uchishlar ham bir muddat cheklangan. Keyinchalik aeroportdagi parvozlar qayta tiklangan.
Bundan tashqari, Istanbul gubernatorligi noqulay ob-havo sharoiti tufayli 15 oktyabr kuni shahardagi barcha davlat va xususiy ta’lim muassasalarida yuzma-yuz darslar bir kunga to‘xtatilganini ma’lum qilgan. Davlat idoralarida ishlaydigan nogironligi bo‘lgan shaxslar, homilador ayollar, faxriylar hamda 8 yoshga to‘lmagan farzandi bor ayol xodimlarga ham ma’muriy ta’til berilgan.
Shu bilan birga, mototsikl va boshqa ikki g‘ildirakli transport vositalarining harakatlanishi 14 oktyabr kuni soat 21:00 dan boshlab alohida ko‘rsatma berilguncha taqiqlangan. Jamoat transporti qatnovini yengillashtirish maqsadida 10 ta metro, 3 ta tramvay va 2 ta funikulyor yo‘nalishida ish vaqti soat 02:00 gacha uzaytirilgan.
Istanbul gubernatori Dovud Gul fuqarolarni zarurat bo‘lmasa, tashqariga chiqmaslikka va shaxsiy avtomobillardan foydalanishni cheklashga chaqirgan. Shuningdek, aholidan yerto‘lalar, suv to‘planadigan hududlar, daryo o‘zanlari va yerosti yo‘llaridan uzoq turish so‘ralgan. Gubernatorning ogohlantirishicha, 15 oktyabr kuni ham, ayniqsa, Istanbulning Osiyo tomonida kuchli yog‘ingarchilik davom etishi kutilgan.
Turkiya rasmiylari yomg‘ir oqibatlarini bartaraf etish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash ishlari davom etayotganini bildirgan. Yog‘ingarchilik kamaygan hududlarda yetkazilgan zararni aniqlash ishlari ham boshlangan.
Turkiyadagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Istanbul, Yalova va Kojaeli viloyatlarida istiqomat qilayotgan hamda vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarga ob-havo sharoitining yomonlashishi munosabati bilan Istanbul Bosh konsulxonasi ogohlantirish berdi.
Kuchli yomg‘ir, shamol va noqulay ob-havo sharoitlari suv toshqinlari, yo‘llarda harakatlanishning qiyinlashishi hamda boshqa favqulodda holatlar xavfini yuzaga keltirishi mumkin. Shu munosabat bilan Turkiyadagi O‘zbekiston fuqarolaridan zarurat bo‘lmasa, uzoq safarlarga chiqmaslik, kuchli yog‘ingarchilik vaqtida xavfli hududlarga yaqinlashmaslik hamda avtomobil boshqarishda tezlikni pasaytirib, xavfsiz masofani saqlash so‘raldi.
Live
Barchasi