Vengriyada favqulodda holat e’lon qilindi

Olam

image

Vengriyada kuchli qurg‘oqchilik va suv tanqisligi sabab favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda bugun, 29 iyul kuni mamlakat Atrof-muhit vaziri Laslo Gaydosh o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Vazirning bildirishicha, mamlakat hududining qariyb 74 foizi jiddiy suv tanqisligidan aziyat chekmoqda. Shu sababli suv xo‘jaligi tizimi eng yuqori tayyorgarlik rejimiga o‘tkazilgan.

“Vengriyaning suv tanqisligi kuzatilayotgan 84 ta tumanidan 66 tasida qurg‘oqchilik indeksi belgilangan uchta me’yordan ham oshib ketdi. Shu bois favqulodda holat e’lon qildim”, deydi Gaydosh.

Uning aytishicha, mutaxassislar vaziyatni barqarorlashtirish uchun zudlik bilan ish boshlagan. Xususan, Dunay daryosining Paks shahri yaqinidagi qismida to‘rtta nasos stansiyasi va ikkita suzuvchi kran shay holatga keltirilgan. Suv sathi yanada pasaygan taqdirda ham suv ta’minotini uzluksiz saqlash maqsadida 55 nafar mutaxassis tunu kun ishlamoqda.

Qayd etilishicha, vaziyat ayniqsa qishloq xo‘jaligi rivojlangan hududlarda og‘ir. Dunay daryosidagi suv sathi rekord darajada pasaygan. Xususan, Paks hududida suv sathi 116 santimetrni, mamlakat janubidagi Baya shahrida esa atigi 4 santimetrni tashkil etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Dunaydagi suv sathining keskin pasayishi kema qatnoviga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Vengriyadagi Paks yagona atom elektr stansiyasi ham suv taqchilligi sabab elektr ishlab chiqarish quvvatini kamaytirishga majbur bo‘lgan.

Bundan tashqari, mamlakatdagi eng yirik ko‘llarda ham suv sathi sezilarli darajada pasaygani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ugandaning Karamoja mintaqasida uzoq davom etgan qurg‘oqchilik hosilni butunlay nobud qilganidan keyin kamida 16 nafar mahalliy aholi vakili ochlikdan vafot etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing