Qo‘lda benzin sotilyaptimi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ko‘p yillar davomida viloyatlarda benzin yoqilg‘isi AYOQSHlarda emas, balki ba’zi shaxslarning qo‘lida to‘planib, odamlarga baklajkalarda sotilgan.

Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov matbuot anjumanida bugunga kelib, bu holatga to‘laligicha chek qo‘yilganini aytdi hamda benzin narxi 15 avgustda oshirilgandan keyin ham baklajkalarda sotilgan benzindan arzonroq bo‘lishini aytdi.

“Buxoroda benzin baklajkalarda 6 000 so‘mdan sotilgan. Hozir narxni 4 500 qilganmiz. Buxorodagi baklajkalarda sotilgan benzin narxiga yetmaydi”, dedi vazir benzin qimmatlashishiga izoh berarkan.

QALAMPIR.UZ vazirga baklajkada benzin sotish hamon davom etayotganini aytib, bunga Navoiy viloyatining Xatirchi, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on viloyatini misol keltirdi hamda Hukumat vakili real holatdan bexabar qolishi mumkinligi haqida so‘radi?

Jamshid Qo‘chqorov bu savolga shaxsan javob bermasdan, uni “O‘zneftmahsulot” boshqaruv raisi Muzaffar Fayziyevga yo‘naltirdi.

Muzaffar Fayziyev bu savolga ba’zi statistik ma’lumotlarni keltirib, javob berdi.

“Aholiga 3 000 tonna benzin sotiladi. Avvallari shundan 2 500 tonnasi Toshkentga, qolgan 500 tonnasi viloyatlarga ajratilardi. Hozir 1 500 tonna Toshkentga, 1 500 tonna viloyatlarga ajratilyapti. Ammo biz bu masalani yana o‘rganamiz”, dedi “O‘zneftmahsulot” rahbari Fayziyev.

Agar taqsimot Fayziyev aytganidek bo‘lsa, viloyatlarda benzin nega hamon kimlardandir baklajkada sotib olinyapti. 

Bu yerda yana bir taxmin bor. Viloyatlarga 1 500 tonna benzin ajratilyapti. Biroq viloyatlardagi AYOQSHlar benzinni odamlarga yetkazib berishda eski usulni ma’qul ko‘ryapti. Nima bo‘lganda ham bir narsa aniq: odamlar hamon benzinni baklajkada belgilangan narxdan qimmatroqqa sotib olyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Jamshid Qo'chqorov benzin

Baholaganlar

66

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing