Qrimda yana portlash sodir bo‘ldi (video)
Olam
−
22 iyul 2023
13737Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarimoroli hududidagi o‘q-dori omborida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda mahalliy Telegram-kanallar xabar bermoqda.
Portlashga dron hujumi sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Qrim rahbari Sergey Aksyonovning voqeaga aniqlik kiritishicha, Ukraina uchuvchisiz qurilmasi Krasnogvardeysk tumanidagi o‘q-dori omboriga hujum qilgan. Oqibatda ombor portlagan.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q. Aholini favqulodda vaziyat joyidan vaqtinchalik joylashtirish markazlariga besh kilometr radiusda evakuatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Xatarni minimallashtirish uchun Qrim temir yo‘lida harakatni to‘xtatishga ham qaror qilindi”, deydi Aksyonov o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 iyul kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy “The Washington Post” nashriga bergan intervyusida Qrimni qaytarib olishga va’da bergandi. Oradan ikki kun o‘tib, 17 iyul kuni Qrim ko‘prigining bir qismi, 19 iyul kuni esa harbiy poligon portlatilgandi.