Qrimda harbiy poligon portladi. Aholi evakuatsiya qilinmoqda
Olam
−
19 iyul 2023
11020Bugun, 19 iyulga o‘tar kechasi Qrimning Kirovskiy tumanidagi poligonda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Rossiya tomonidan tayinlangan Qrim ma’muriyati rahbari Sergey Aksyonovga tayanib, “Gazeta.ru” xabar berdi.
Bugun, 19 iyul kuni ertalab soat beshlar atrofida Telegram-kanallarda portlashlar eshitilayotgan yong‘in videolari e’lon qilindi. Ertalab soat oltida Rossiya harbiylari poligon hududidagi yo‘llarni to‘sib qo‘ydi.
Qrim ma’muriyati rahbari Sergey Aksyonov aholining vaqtincha evakuatsiya qilinishini ma’lum qilgan. Poligon yaqinida joylashgan Privetnoye, Ayvazovskoye, Abrikosovka va Krinichki aholi punktlari aholisi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Aksyonovning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar ikki mingdan ortiq odamni evakuatsiya qilishni rejalashtirgan. Shuningdek, u yong‘in sodir bo‘lgan hududda Tavrida shossesining to‘sib qo‘yilgani va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha shtab tashkil etilganini bildirdi.
Mahalliy hukumat yong‘in sabablarini aytmagan. Aksyonovning so‘zlariga ko‘ra, buni tergov organlari aniqlashi kerak. Shu bilan birga, "Qrim shamoli" Telegram-kanali mahalliy aholiga tayanib, omborda uchta raketa yoki dron zarbalari berilganini yozgan.
Ukraina va Rossiya OAVlari go‘yoki Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanovning bayonotiga tayanib, yong‘inda Ukraina Qurolli kuchlarining ishtiroki haqida xabar tarqatgan. Biroq Ukraina harbiy razvedkasining rasmiy vakili Andrey Yusov “Budanovning bayonoti” soxta ekanini aytib chiqqan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Vladimir Putinga poligondagi portlashlar haqida allaqachon axborot berilganini aytgan.
"Albatta, bu haqda prezidentga xabar berishmoqda. Sergey Aksyonov juda tez javob qaytardi. Yong‘in sodir bo‘lganini bilamiz. Shoshilinch choralar ko‘rilmoqda, vaziyatga oydinlik kiritilmoqda", degan Peskov.
Ma’lumot uchun, Qrimdagi ob’ektlar allaqachon bir necha bor hujumga uchragan. Masalan, 2022 yil avgust oyida Qrimning Novofedorovka qishlog‘i yaqinidagi Saki harbiy aerodromida bir qator portlashlar sodir bo‘lgan. Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi voqeadan so‘ng darhol portlashlar oqibatida aerodromdagi aviatsiya texnikasi shikastlanmaganini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi