Qrim ko‘prigiga raketa bilan zarba berildi
Olam
−
12 avgust 2023
17450Bugun, 12 avgust kuni Qrim ko‘prigiga yana hujum qilindi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“12 avgust kuni Moskva vaqti bilan taxminan 13:00 da Kiyev rejimi hujumkor versiyaga o‘zgartirilgan C-200 zenit raketasi bilan Qrim ko‘prigiga terrorchilik zarbasini berishga urindi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Rasmiy Moskva Ukraina raketasi Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan havoda o‘z vaqtida aniqlangani va tutib olinganini bildirgan. Vayronagarchilik va qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan.
Anneksiya qilingan Qrimning rahbari Sergey Aksyonov havo hujumidan mudofaa kuchlari Kerch bo‘g‘ozi hududida ikkita raketani urib tushirganini ma’lum qilgan.
“Kerch bo‘g‘ozi hududida havo mudofaa kuchlari dushmanning ikkita raketasini urib tushirdi. Qrim ko‘prigi buzilmagan. Sizdan xotirjam bo‘lishingizni va faqat rasmiy manbalarga ishonishingizni so‘rayman”, deb yozdi Aksenov o‘zining Telegram-kanalida.
O‘z navbatida, Qrim rahbarining maslahatchisi Oleg Kryuchkov Qrim ko‘prigida quyuq tutun ko‘tarilganini aytgan.
“Maxsus xizmatlar tutun pardasini hosil qildi. Tez orada harakat tiklanadi”, degan Kryuchkov.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa bu hujumni keskin qoralashini bildirib, u javobsiz qolmasligini aytdi.
“Qrim ko‘prigi sof fuqarolik infratuzilmasi ob’ekti bo‘lib, unga qilingan hujumlarni umuman qabul qilib bo‘lmaydi. Bunday sabotaj xalqaro hamjamiyatga Kiyev rejimining asl mohiyatiga yana bir bor ishonch hosil qilish imkoniyatini beradi. Bunday vahshiy harakatlarni oqlab bo‘lmaydi va ular javobsiz qolmaydi”, deyiladi Zaxarovaning bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda ham Ukrainaning ikki dronining hujumi oqibatida Qrim ko‘prigida portlash sodir bo‘lgandi. Bu oyda esa ko‘prik yaqinida Rossiyaning “Sig” tankeri dron hujumiga uchragandi. Bundan tashqari, 10 avgustda ham Ukraina Qrimga dron uchirgan, shulardan ikkitasi Sevastopol shahri yaqinida navbatchi havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan bo‘lsa, yana 9 tasi nishonga yetib bormay, Qora dengizga qulagandi. Bugun, 12 avgustga o‘tar kechasi esa Ukraina Qrim yarim oroli hududidagi ob’ektlarga 20 ta dron bilan hujum qilgan, biroq ularning barchasi havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilgandi. Rossiya tomonidan esa 2 avgustga o‘tar kechasi Kiyevga, 8 avgustda Pokrovskka, 9 avgustda Zaporoje shahriga havo hujumi uyushtirilgandi. Kecha, 11 avgustda Rossiya Ukrainaga “Kinjal” raketalari bilan, bugun, 12 avgustda esa Dnepropetrovsk viloyatidagi Krivoy Rog shahriga ballistik raketa bilan hujum qildi. Rossiya hujumlarining aksariyatida ham turar-joylar zarar ko‘rdi va tinch aholi halok bo‘ldi.
LiveBarchasi