Qrim ko‘prigi yaqinida Rossiya tankeriga dron hujum qildi
Olam
−
05 avgust 2023
7785Rossiyaning “Transpetrochart” yuk tashish kompaniyasiga qarashli “Sig” tankeri Qrim ko‘prigi yaqinida, Kerch bo‘g‘ozida dron hujumiga uchradi. Oqibatda dvigatel xonasi hududida teshik paydo bo‘ldi. Bu haqda bugun, 5 avgust kuni “Vedemosti” nashri xabar berdi.
Aytilishicha, kecha, 4 avgust kuni 23:20 da kemaga hujum bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kema ekipaji 11 kishidan iborat bo‘lib, hech kim jabrlanmagan.
Rossiyadan tayinlangan Qrim rahbarining maslahatchisi Oleg Kryuchkov o‘zining Telegram-kanalida Kerch aholisi eshitgan baland tovushlarning Qrim ko‘prigiga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan.
“Qrim ko‘prigiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlar va uning hududida portlashlar sodir bo‘lgani yo‘q. Qrim rasmiylari Kerch bo‘g‘ozi va ankerlar uchun javobgar emas. Biz Qora dengiz va bo‘g‘ozdagi vaziyatni izohlay olmaymiz. Tushunganingiz uchun rahmat”, deb yozgan Kryuchkov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 avgust kuni Qrimdagi harbiy aerodrom yaqinida kuchli portlash sodir bo‘lgandi.
LiveBarchasi