Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi salkam 90 foiz ovoz bilan tasdiqlandi
Olam
−
11:17 825 1 daqiqa
Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan respublika referendumida ovoz berish yakunlandi va 86,7 foiz ovoz bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiya tasdiqlandi. Bu haqda “CentralAsia” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, referendum ishtirokchilarining 86,7 foizi Konstitutsiyaning yangi tahririga ovoz bergan. So‘rov 17 viloyat hamda mamlakatning uchta yirik shahridagi 200 ta saylov uchastkasida o‘tkazilgan bo‘lib, taxminan 30 ming nafar respondentni qamrab olgan.
Yangi Konstitutsiya loyihasi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Hujjat bir qator institutsional o‘zgarishlarni, xususan, ikki palatali parlamentni tugatish va bir palatali qonunchilik organi – qurultoyni tashkil etishni nazarda tutadi.
Shuningdek, mazkur hujjat Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga 2029 yildan keyin ham hokimiyatda qolish imkonini beruvchi bo‘shliq yaratishi mumkinligi aytilmoqda. Qolaversa, yangi Konstitutsiya 1996 yilda bekor qilingan vitse-prezident lavozimini qayta tiklaydi.
Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda ishtirok etish darajasi 73,24 foiz bo‘lgan. Ovoz berishda jami 9 million 126 ming 850 nafar fuqaro qatnashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun,16 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qilib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabriklagandi.